O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qishloq xo‘jaligi vazirligida Xitoy delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2019-10-31 | Iqtisodiyot
Qishloq xo‘jaligi vazirligida “Zhongnongfa Seed Industry Group.Ltd” kompaniyasi menejeri Chen Jangjuy bilan uchrashuv tashkil etildi.
Suhbat davomida ikki mamlakat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida o‘zaro manfaatli keng ko‘lamli loyihalar amalga oshirilayotgani alohida ta’kidlandi. Xitoylik mutaxassislarga O‘zbekistonning sholichilikni rivojlantirish borasidagi imkoniyati, shuningdek respublikaning ayrim hududlarining qurg‘oqchil va sho‘rlangan yerlaridagi tuproq holati haqida ma’lumotlar berildi.
“Zhongnongfa Seed Industry Group.Ltd” kompaniyasi bosh menejeri Chen Jangjuy uchrashuvda turli sohalarda, jumladan, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi O‘zbekiston-Xitoy hamkorligiga yuksak baho berib, u faoliyat ko‘rsatayotgan kompaniya ham o‘zaro aloqalarni rivojlantirishga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Tashrif doirasida xitoylik mutaxassislar Qoraqalpog‘iston, Xorazm va Buxoro viloyatlarida bo‘lib, mahalliy hokimiyat vakillari va soha mutasaddilari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi, ushbu hududlardagi qurg‘oqchil va sho‘rlangan yerlarning holatini o‘rganildi.
Xitoy tomoni safar taassurotlari xususida to‘xtalib o‘tib, mamlakatimizning qishloq xo‘jaligi resurslari, shuningdek qulay iqlim sharoitiga yuqori baho berib, O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi siyosati yuqori darajada tashkil etilgani va yerlar agrosiyosatni takomillashtirishga mos kelishini ta’kidladi.
Uchrashuvda qishloq xo‘jaligi sohasida o‘zaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari, jumladan, sholichilik bo‘yicha qator investitsiya loyihalarini amalga oshirish, tuproq sharoitini o‘rganish, sug‘orishning yangi texnologiyalari va boshqalar muhokama etildi. Xususan, delegatsiya rahbari Chen Jangjuy zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda ekinlar hosildorligini yaxshilash bo‘yicha (sholi, paxta, chorvachilik uchun ozuqa) hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi. Chen Djangjuy O‘zbekiston-Xitoy sholichilikni rivojlantirish markazi tashkil etilishining manfaatli tomonlari, shuningdek mamlakatimizning ayrim hududlaridagi qurg‘oqchil va sho‘rlangan yerlarni yaxshilash borasidagi qo‘shma loyihalar haqida to‘xtalib o‘tdi.
O‘zbekiston tomoni «Zhongnongfa Seed Industry Group.Ltd» kompaniyasi ishtirokida respublikamizda yangi texnologiyalarni qo‘llagan holda qishloq xo‘jaligini o‘rganish va yaxshilash borasida markaz tashkil etilishidan manfaatdor ekanini bildirdi.