O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
InnoWeek-2019:96,5 mln. dollarga teng anglashuv memorandumlari va shartnomalar imzolandi
2019-10-30 | Innovatsiya
Poytaxtimizning “Oʻzekspomarkaz”milliy koʻrgazmalar majmuasida boʻlayotgan InnoWeek-2019innovatsion gʻoyalar haftaligi doirasida Xalqaro innovatsion-investitsiya forumi boʻlib oʻtmoqda. Ushbu forumda bir qator xorijiy investitsiya kompaniyalari ham ishtirok etmoqdalar. Haftalikning birinchi kunida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan Xitoy, Turkiya, Isroil, Polsha va Hindiston davlatlaridan kelgan investorlar bilan ikki tomonlama hamkorlikni nazarda tutuvchi umumiy qiymati 96,5 mln.dollarga teng boʻlgan anglashuv memorandumlari va shartnomalar imzolandi.
Investor ishtirokchilar bilan texnologiyalar transferi, tajriba almashish, qoʻshma innovatsion loyihalarni amalga oshirish, startap va innovatsion loyihalarning qoʻshma tanlovlarini tashkil etish va moliyalashtirish, innovatsion faoliyatni venchur moliyalashtirish va boshqa sohalarda hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga kelishib olindi.
Shunday qilib, innovatsion rivojlanish vazirligi UBTech Robotics Ltd. (Xitoy) (sunʼiy intellekt, maishiy elektronika, sanoat injiniringi, mashinali oʻqitish, mahsulotlar tadqiqoti va robototexnika yoʻnalishida hamkorlik qilish boʻyicha), TUYA Smart (Xitoy) (ilovalar marketingi, korxonalar uchun dasturiy taʼminot, Internet, buyumlar Interneti, dasturiy taʼminot, veb-ishlanmalar yoʻnalishida hamkorlik qilish boʻyicha), IMPEL GROUP (Polsha) oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi (koʻchmas mulkni boshqarish, ularni xavfsizligini taʼminlash va biznes-jarayonlarni boshqarish yoʻnalishida hamkorlik qilish boʻyicha), WaterGen Ltd. (Isroil) oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi (havodan suv tayyorlash, konditsionerlar suvini tozalash va batareyalardan quvvatlanuvchi mobil suv tozalash boʻyicha), APCTT UNESCAP (Hindiston) (turli sohalarda texnologiyalar transferi yoʻnalishida tashkiliy masalalar, inson resurslarini rivojlantirish, tadqiqotlar, ishbilarmonlik sheriklik munosabatlarni rivojlantirish boʻyicha) oʻzaro anglashuv memorandumlariga imzo qoʻyildi.
Shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasi Fanlar akademiyasining Shanxay farmakologiya instituti bilan Navoiy viloyatida dorivor substansiyalarni ishlab chiqish boʻyicha zavod qurish boʻyicha 10,0 mln.doll qiymatidagi, Turkiyaning “IKI-EL MAKINA INSAAT GIDA SANAYI VE TICARET LTD STI” kompaniyasi bilan yem-xashak mashinalari, un fabrikalari, don saqlash va tomchilab sugʻorish tizimlarini ishlab chiqarish boʻyicha 20,0 mln.doll. qiymatidagi shartnomalar imzolandi. Bundan tashqari, Innovatsion rivojlanish vazirligi va Xitoyning ANHUI SHUIʼAN CONSTRUCTION GROUP CO” LTD (SHUIʼAN GROUP) kompaniyasi oʻrtasida alyuminiy qutilarini ishlab chiqarish boʻyicha 66,5 mln.doll.ni oʻzlashtirishga doir oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Haftalik davom etmoqda, oldinda yana investitsiya shartnomalari va memorandumlar imzolash rejalashtirilgan.