O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Bojxona bojlari stavkalarini belgilashda xalqaro va milliy tajriba
2019-10-29 | Iqtisodiyot
Tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solishning asosiy qismini tarif usuli tashkil qiladi. Tarif usulining asosini boj tarifi, ya’ni bojxona chegarasi orqali olib o‘tilayotgan, tashqi iqtisodiy faoliyat tovarlar nomenklaturasi printsiplari va qoidalariga asosan bir tizimga solingan tovarlarga nisbatan qo‘llaniladigan boj stavkalar to‘plami tashkil etadi.
Shu o‘rinda aytish mumkinki, so‘ngi yillarda mamlakatimizga import qilingan tovarlardan undirilgan bojxona to‘lovlari tushumida import bojxona bojining ulushi 15-16 foizni tashkil etmoqda. (1-rasm)
Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat tovarlar namenklaturasida (keyingi o‘rinlarda -TIF TN) jami 11295 ta tovar o‘rni mavjud bo‘lib, ushbu tovarlar mamlakatimizga import qilinganida undiriladigan boj stavkalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyatini yanada tartibga solish hamda bojxona-tarif jihatdan tartibga solish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-3818-son Qarori bilan tasdiqlangan. Mazkur qarorda keltirilgan eng past, ya’ni “0” - nol foizli stavka belgilangan tovarlar 7083tani yoki 62,7 foizni va eng yuqori, ya’ni “70” foiz stavka belgilangan tovarlar 27 tani yoki 0,2 foizni tashkil etgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 2 oktyabrda PQ-4470-son Qaroriga asosan amaldagi boj stavkalariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilib, ushbu o‘zgartirishlar 2020 yil 1 yanvardan amaliyotga kiritilishi belgilandi.Unga ko‘ra endilikda eng past, ya’ni“0” - nol foizli stavka belgilangan tovarlar 4443 tani yoki 39,5 foizni va eng yuqori, ya’ni “70” foizli stavka belgilangan tovarlar esa 26 tani yoki 0,2 foizni tashkil etadi. (2-rasm)
Misol tariqasida oladigan bo‘lsak, import bojxona bojiga nol darajali stavkalar miqdori Yevropa Ittifoqi davlatlarida 16,7 foizni, Turkiyada 37,5 foizni, Xitoyda 7,1 foizni, Tojikistonda 4,1 foizni, Hindistonda 2,1 foizni va YeVROOSIYo iqtisodiy hamkorlik tashkiloti davlatlarida 15,8 foizni tashkil etadi [1].
Iqtisodchi Gabriel Felbermayerning tahliliga ko‘ra shuni aytish mumkinki, AQShga Yevropa Ittifoqi davlatlaridan import qilingan tovarlarga qo‘llaniladigan bojxona boji stavkalarining 36,0 foizi (TIF TNdagi 1802 ta tovarlar) va aksincha Yevropa Ittifoqiga AQSh davlatidan kelgan tovarlarga qo‘llaniladigan bojxona boji stavkalarining 25,0 foizi (TIF TNdagi 1246 ta tovarlar) nol darajali stavkaga to‘g‘ri keladi [2].(2-rasm)
Jahon amaliyotida har bir davlat boj siyosatini xalqaro kelishuvlar asosida turli mamlakat yoki ittifoqlar uchun turlicha belgilamoqda. AQShning boj siyosatiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ushbu davlat ham o‘nlab erkin savdo tashkilotlari va davlatlar bilan ikki va ko‘p tomonlama kelishuvlar imzolagan. Bunga misol qilib, Chili(CFTA), Dominikan Respublikasi (DR-CAFTA), Ummon, Panama, Peru, Singapur (SGFTA) va Shimoliy Amerika erkin savdo shartnomasi (NAFTA) larni aytish mumkin. (3-rasm)
Hududiy savdo kelishuvlari natijasida davlatlarning asosiy savdo hamkorlari bilan tovarlar savdosi deyarli nol darajali stavka bo‘yicha amalga oshirilmoqda-deb yozadi Jahon savdo tashkiloti eksperti Umida Xaqnazar. Uning ma’lumotiga ko‘ra, JSTda AQShning o‘rtacha tarifi 2,3 foizni tashkil qilib, import tovarlarining yarmidan ko‘pi (53,5%) 15 mamlakatga nisbatan imtiyozli savdo bitimlari natijasida imtiyozli stavkalarda kirishi yoki Yevropa ittifoqining o‘rtacha tarifi 3,2 foizni tashkil qilib, 50 dan ortiq davlatga nisbatan tarif preferentsiyalari qo‘llashi natijasida importining yarmidan ko‘pi (52,6%) import bojining nol stavkalarida olib kirilmoqda [3].
O‘zbekiston Respublikasi o‘z mustaqilligiga erishganidan so‘ng, bir qator chet davlatlar bilan o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni yo‘lga qo‘yib, bu borada ikki va ko‘p tomonlama shartnomalar imzoladi. Xususan, 1994 yil 15 aprelda Moskva shahrida MDH davlatlari hukumat rahbarlari tomonidan imzolangan “Erkin savdo zonasini yaratish to‘g‘risida” kelishuvga ko‘ra mazkur kelishuvni imzolagan davlatlarda ishlab chiqarilgan tovarlar a’zo mamlakatlarga import qilinganida bojxona bojini to‘lashdan ozod qilish nazarda tutilgan. Shu sababli, bojxona to‘lovlari tushumida 15-16 foiz ulushga ega bo‘lgan bojxona bojlari bo‘yicha 2020 yil 1 yanvardan kuchga kirishi belgilangan o‘zgartirishlar mamlakatning tashqi savdo aylanmasida 58,1 foiz[4] ulushga ega bo‘lgan MDH mamlakatlaridan import qilinadigan tovarlarga ta’sir ko‘rsatmaydi.
T.Pardayev
Bojxona instituti dotsenti, i.f.n.