O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligining kun.uz axborot manbaida yoritilgan «G‘ijduvondagi yopilish xavfida qolgan bog‘chalar: kimgadir bitim kerak, kimgadir yo‘l» maqolasiga rasmiy bayonoti
2019-10-28 | Jamiyat
Joriy yilning 23-oktabr kuni “KUN.UZ” ijtimoiy tarmog‘ida Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi bir nechta tashabbuskorlarningdavlat xususiy sherikchilik asosidagi harakatlari yuqori tashkilotlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmayotganligi to‘g‘risidagi murojaatlari asosida tayyorlangan video lavhasie’lon qilingan edi.
Maktabgacha ta’lim vazirligi mazkur video material yuzasidan vaziyatga oydinlikkiritish maqsadida o‘tkazgan surishtiruvi natijasida videolavhada keltirilgan vazirlik bilan aloqador ma’lumotlar o‘z tasdig‘ini topmaganligini ma’lum qiladi.
Ma’lum bo‘lishicha Maktabgacha ta’lim vazirligi va Respublika Bosh Prokuraturasi shu yilning iyul oyida Buxoro viloyati tadbirkorlari bilan uchrashuv o‘tkazgan. Mazkur uchrashuvi chog‘ida tadbirkolar Ishmurodova Mashxura Iosifovna hamda Akmal Halimovlarning bu holat yuzasidan murojaatlari alohida o‘rganilgan.
O‘rganish natijasida quyidagilar aniqlangan:
1.Tadbirkor Ishmurodova Mashxura Iosifovna 2018 yilning 10 iyulida Maktabgacha ta’lim vazirligi, Buxoro viloyati hokimligi va"Marjona-G‘uncha" NMTM o‘rtasida jami loyiha qiymati 1,7 mlrd. so‘m bo‘lgan №0144/03-sonli uch tomonlama bitim imzolagan bo‘lib, bitimga asosan tadbirkor tomonidan quvvati 90 o‘ringa mo‘ljallangan nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotini tashkil etish majburiyati olingan bo‘lib, tadbirkorga 2018 yilning 3 avgustida 1,275 mlrd. so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘i to‘liq ajratib berilgan.
Bitim imzolash uchun taqdim etilgan xujjatlar Ishmurodova Mashxura Iosifovna tomonidan tayyorlangan va o‘zi tomonidan tasdiqlangan bo‘lib, ushbu kredit summasi, muassasa qamrovi dastlabki texnik iqtisodiy asosnomasida aks ettirilgan va 3 tomonlama bitimga dastlab o‘zi imzo chekib NTM muhri bilan tasdiqlab maktabgacha ta’lim vazirligiga taqdim etgan.
Yuqorida keltirilgan Nizom talablariga ko‘ra, bitimni tuzish, o‘zgartirish, to‘ldirish, shuningdek bekor qilish va tugatish tomonlarning o‘zaro roziligi bilan amalga oshirilishi belgilangan bo‘lishiga qaramasdan Ishmurodova Mashxura Iosifovna o‘zboshimchalik bilan qurayotgan MTT binosining yerto‘la pastki qavatida qo‘shimcha o‘quv markazi uchun joy barpo qilganligi bitimda aks etmagan xarajatlarni keltirib chiqargan va uni qoplash maqsadida tadbirkor muassasa quvvatini 150 o‘ringa o‘zgartirgan va qurilish ishlari 50% bitgandan so‘ng davlat sherigiga bitim summasini oshirish yuzasidan 2019 yil mart oyida, ya’ni kredit mablag‘larini 100% ishlatib bo‘lgandan so‘ng murojaat qilgan. Qurilayotgan MTT binosining Muassasa quvvatini oshirish o‘z o‘rnida qo‘shimcha harajatlarni keltirib chiqargan.3 tomonlama kelishuv shartiga ko‘ra, bitimda belgilangan majburiyatlarni bajarish uchun bitimda nazarda tutilmagan qo‘shimcha sarf-xarajatlar yuzaga kelgan va Xususiy sherikning xarajatlari bitimda belgilangan Investitsiya hajmidan oshgan taqdirda, qo‘shimcha sarf-xarajatlarning yuzaga kelish xavfini Xususiy sherik o‘z zimmasiga oladi (3.9 band). Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan ajratilgan kredit mablag‘laridan maqsadsiz foydalanish holatiga yo‘l qo‘ygan tadbirkor M.Ishmurodovaga bitim ikki tomonning kelishuvisiz amalga oshirilganligi sababli imzolangan bitimning yuqorida keltirilgan 3.9 va 3.10 bandlarida ko‘rsatilgan shartlarga rioya qilinishi rasman tushuntirilgan va ogohlantirilgan.
Ma’lumot uchun: Tadbirkor bolalar bog‘cha umumiy binosini ostki qismini to‘liqligicha yer to‘la (podval) qilib qurgan, shunga ko‘ra bolalar bog‘chasini qurish uchun ajratilgan mablag‘ning teng yarmi shu yerto‘lani qurilishiga sarflangan. Vaholanki NMTT uchun ajratilgan kredit mablag‘lari yerto‘la uchun mo‘ljallanmagan. Shuningdek, qurilish ishlarini nazorat qilish tadbirkor bilan tuzilgan 3 tomonlama bitimning “5.2.11. Vakolatli davlat organi bilan qurilishning borishi ustidan texnik nazorat qilishga shartnoma tuzish” ko‘rsatib o‘tilgan. Shunga ko‘ra tadbirkor bilan Buxoro viloyati Yagona buyurtmachi xizmati injinering komponiyasi bilan shartnoma tuzilgan bo‘lishi shart. Lekin bu pullar tadbirkor tomonidan boshqa maqsadda ishlatib yuborilgan. Maktabgacha ta’lim vazirligigi mutaxassislari tomonidanmuassasani 150 o‘ringa o‘zgartirish uchun extiyoj borligi to‘g‘risida asoslantiruvchi ma’lumot so‘ralganda, tadbirkor tomonidan taqdim etilmagan.
2. Tadbirkor Akmal Halimov bilan Maktabgacha ta’lim vazirligi o‘rtasida bitim imzolanmagan. Bunga asosiy sabab, Akmal Halimov tomonidan taqdim etilgan xujjatlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha ta’lim tizimini yanada rag‘batlantirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018 yil 5 apreldagi PQ-3651-son qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablariga mos kelmayotganidir. Maktabgacha ta’lim vazirligining mutasaddi xodimlari bilan tadbirkor o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda, taqdim etilgan xujjatlar Nizom talabiga to‘g‘ri kelmasligi bir necha marotaba tushuntirilgan. Agar ushbu holat bartaraf etilsa, Maktabgacha ta’lim vazirligi Nizomning 12-bobida keltirilgan davlat-xususiy sherikchilik shakli bo‘yicha bitim imzolab berishga tayyorligi aytib o‘tilgan.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha ta’lim tizimini yanada rag‘batlantirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018 yil 5 apreldagi PQ-3651-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 3 bobi, 17- bandi, 8-hatboshisida qayta tashkil etilayotgan, tugatilayotgan yoki bankrot bo‘layotgan, mol-mulki xatlangan da’vogarlarning tanlovda ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan bo‘lib, xozirgi kunda tadbirkorga qarashli muassasasi ATIB “Ipotekabank” tomonidan xatlangan bo‘lib, nizoli ob'yekt hisoblanadi.
3. Shuningdek, Tadbirkor Dilovar Jo‘rayeva o‘z tashabbusi bilan davlat-xususiy sherikchilik asosida nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasini barpo etish uchun 2018 yil dekabr oyida Maktabgacha ta’lim vazirligiga murojaat qilgan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 noyabrdagi “Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklik shakllarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi №944-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 2-bobida keltirilganhujjatlarni ilova qilgan holda ariza bergan.
Bitim matni tadbirkorga taqdim etilgandan so‘ng, tadbirkor tegishli o‘zgartirishlar kiritib maktabgacha ta’lim vazirligiga taqdim etgan va 2019 yilning 18 yanvarida Maktabgacha ta’lim vazirligi va "Go‘zal Nodirabegim" NTM o‘rtasida, jami loyiha qiymati 2,003 mlrd. so‘m bo‘lgan 0009-944/03-sonli ikki tomonlama bitim imzolangan.
Imzolangan bitimga asosan tadbirkor tomonidan quvvati 70 o‘ringa mo‘ljallangan nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotini tashkil etish, imtiyozli kredit hisobidan 1,5 mlrd so‘m, o‘z hisobidan esa 503 mln. so‘m mablag‘ini ishlatish majburiyati olgan.
Xududga biriktirilgan ATIB “Ipotekabank” tomonidan taqdim etilgan garov ta’minotiga asosan 2019 yilning 5 iyulida dastlabki 752 mln. so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘i ajratilgan va xozirgi kunga qadar tadbirkor omonidan 748 mln. so‘m o‘zlashtirilgan. O‘z hisobidan ishlatilishi lozim bo‘lgan mablag‘lar to‘g‘risida ma’lumotlar hali xanuz taqdim etilmagan va mavjud emas.
Maktabgacha ta’lim vazirligi “Kun.uz” axborot portaliga maktabgacha ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan ishlar bilan bir qatorda yuzaga kelgan muammoli holatlarni yoritish davomida bir taraflama emas, balki “tanga”ning ikkinchi tomoni ham mavjudligini inobatga olish kerakligini eslatib o‘tadi. Vazirlik “KUN.UZ” muxbiri muallifligidagi videolavhani tayyorlash jarayonida jurnalistik tekshiruv tamoyillariga asosan ikkinchi taraf munosabati o‘rganilmagan, shuningdek bitim va boshqa asosli xujjatlarlar bilan tanishilmasdan, yuzaki yondoshilgan, deb hisoblaydi.
Afsuski, keyingi vaqtlarda halqimiz ishonchini qozongan eng nufuzli ijtimoiy axborot tarmoqlarida faoliyat ko‘rsatayotgan ba’zi muhbirlar sohta “shov-shuv”li materiallar tayyorlab omma orasida shaxsiy obro‘larini ko‘tararishyapti-ku, ishonchli manbalarning ishonchli ekanligiga putur yetkazayotganliklarini sezmay qolishyapti.
Zero, “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunning 2-bobiga ko‘ra, Ommaviy axborot vositalari axborotni izlash, olish va tarqatish huquqidan foydalanadilar hamda o‘zlari e’lon qilayotgan axborotning to‘g‘riligi va haqqoniyligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar ekanliklari belgilab berilgan.