O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Korean and migrations xususiy bandlik agentligi” MChJ litsenziyasi to‘xtatildi
2019-10-28 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi “Korean and migrations xususiy bandlik agentligi” MChJga berilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda ishga joylashtirish faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat etuvchi 0010-sonli litsenziya to‘xtatilganini ma’lum qiladi.
“Korean and migrations xususiy bandlik agentligi” MChJ fuqarolarni Koreya Respublikasiga ishga joylashtirish yuzasidan ular bilan shartnoma imzolagan. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga xususiy bandlik agentligi fuqarolar oldidagi majburiyatlarini belgilangan muddatlarda bajarmagani to‘g‘risida ko‘plab norozilik mazmunidagi murojaatlar kelib tushgan.
Shu munosabat bilan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 sentyabrdagi 725-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ish izlayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomining 45-46-bandlariga muvofiq, “Korean and migrations xususiy bandlik agentligi” MChJ litsenziyasini to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining Koreya Respublikasidagi vaqtinchalik mehnat faoliyatini yo‘lga qo‘yish ikki davlat Mehnat vazirligi tomonidan imzolangan Anglashuv memorandumi asosida amalga oshiriladi. Unga ko‘ra, Ye9 viza bilan fuqarolarni Koreya Respublikasiga ishga joylashtirish vakolati faqat Bandlik va mexnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi zimmasiga yuklatilgan. Koreya Respublikasida ishga joylashtirish xususiy bandlik agentliklari vakolatiga kirmaydi.
Mazkur xususiy bandlik agentligidan jabr ko‘rganlar bo‘lsa, IIBBga murojaat qilish so‘raladi.