O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Qishloq xo‘jaligi birlashmalari 3,3 ming tonnadan ortiq meva-sabzavotni eksport qildi

2019-10-25 | Iqtisodiyot

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Prezidentimizning 2019 yil 14 martdagi “Meva-sabzavotchilik sohasida qishloq xo‘jaligi kooperatsiyasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi vakillari, tegishli boshqarmalar boshliqlari va viloyatlardagi qishloq xo‘jaligi kooperatsiyalar mas’ullari ishtirok etgan tadbirda asosiy e’tibor mazkur hujjat asosida amalga oshirilayotgan ishlar, erishilayotgan natijalar va tizimdagi muammolarni hal etish borasida qilinayotgan ishlarga qaratildi.
 
Qayd etilganidek, ushbu qaror bo‘yicha tajriba sinov tariqasida Jizzax viloyatining Zomin, G‘allaorol tumanlarida, Samarqand viloyatining Bulung‘ur va Urgut tumanlarida, Toshkent viloyatining Qibray va Parkent tumanlari, Farg‘ona viloyatining Oltiariq va Quva tumanlarida jami 41 ta meva-sabzavotchilik yo‘nalishida qishloq xo‘jaligi birlashmalari tashkil etildi. Ular Davlat xizmatlari markazidan ro‘yxatdan o‘tgan va ustavlari tasdiqlangan.
 
Birlashmalarga 26,7 ming gektardan ortiq maydonda faoliyat yurituvchi 1 ming 128 ta fermer xo‘jaligi, 22 ta meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlovchi, 29 ta eksportyor, 10 ta tayyorlov korxonasi va 3 ta boshqa tashkilot, jami 1192 ta sub’ekt ixtiyoriy a’zo bo‘lgan. 
 
Qishloq xo‘jaligi birlashmalari tomonidan 30,7 ming tonnalik muzlatkichli kameralar, quvvati 11,2 ming tonnalik meva-sabzavot mahsulotlarini quritish, 1,8 ming tonnalik qadoqlash, 10,5 ming tonnalik qayta ishlash sexlarini ishga tushirish, 15 gektar maydonda zamonaviy intensiv bog‘ va 3 gektar maydonda issiqxona tashkil qilish va 81 ta maxsus yuk tashish transporti va qishloq xo‘jaligi texnikasini xarid qilish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda.
 
– Joriy yilda birlashmalarga a’zo bo‘lgan fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari tomonidan 264,8 ming tonna meva-sabzavot yetishtirish, 51 million dollarlik 81,6 ming tonna mahsulotlarni eksportga chiqarish prognoz qilingan, – deydi Agrar tadbirkorlik, agroklasterlar, xo‘jalik birlashmalari va davlat xususiy sherikchilikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Abdulla Yo‘ldoshev. – Bugunga qadar hududlardagi qishloq xo‘jaligi birlashmalari tomonidan 63,9 ming tonna mahsulot ishlab chiqarilib, shundan qiymati 2 million 96 ming dollarlik 3,3 ming tonnadan ortiq mahsulotlar eksport qilingan.
 
Tizimni yanada takomillashtirish maqsadida Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan muntazam ravishda xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda qishloq xo‘jalik birlashmalari xodimlari va a’zolarining kooperatsiya munosabatlari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish yuzasidan o‘quv-seminarlar tashkil etilmoqda.
 
Jumladan, Germaniya halqaro hamkorlik jamiyati (GIZ)ning Toshkentdagi vakolatxonasi bilan birgalikda tashkil etilgan “Kooperativlarni boshqarish tamoyillari” mavzusidagi o‘quv-seminarlarda Jizzax va Farg‘ona viloyatlari qishloq xo‘jaligi birlashmalari rahbarlari, vazirlikning hududiy bo‘limlaridagi agrar tadbirkorlik, agroklasterlar va xo‘jalik birlashmalarini rivojlantirishga mas’ul bo‘lgan xodimlar faol qatnashdi. Maqsad bu sohada xorij tajribasini o‘rganish, mavjud muammolarni tizimli bartaraf qilishdan iborat.
 
Tadbirda qishloq xo‘jalik birlashmalari vakillari ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Farg‘ona viloyatining Quva tumanlaridagi "Qubbo fruit export" qishloq xo‘jalik birlashmasi bugunga qadar 1 millionn 331,4 ming dollarga teng meva-sabzavot mahsulotini eksport qilgan.
 
– Bu yilgi mavsum hali yakunlanmagan bo‘lsa ham, ko‘rayotgan daromadimiz o‘tgan yilga nisbatan ancha yaxshi bo‘ldi, – deydi birlashma rahbari G‘ayratjon Mamadaminov. – Bugungi kunda birlashmamizga 15 ta fermer xo‘jaligi a’zo sifatida qabul qilingan. Ular bilan hamkorlikda ichki va tashqi bozor ehtiyojiga qarab mahsulot yetkazmoqdamiz. Hududimiz 182,2 gektar bo‘lib suv yetishmovchiligi seziladi. Shuni hisobga olib, kelgusida bog‘dorchilik va dehqonchilikda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini kengroq qo‘llashni maqsad qilganmiz.
 
Matbuot anjumanida qishloq xo‘jaligi kooperatsiyasi bo‘yicha rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganish, sohaga kredit liniyalarini ajratish, sifatli meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish va malakali agronomlarni tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi. Jurnalistlar sohaga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldi.
 

Abdulaziz MUSAEV, O‘zA

Поделиться