O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Maktablar uchun yangi milliy ta’lim standartlarini ishlab chiqish bo‘yicha kompleks tadbirlar amalga oshirilmoqda
2019-10-25 | Ta’lim
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligida BMTning O‘zbekistondagi Bolalar jamg‘armasi (YuNISEF) hamda ta’lim sohasidagi xalqaro ekspertlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv doirasida Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov mamlakatda xalq ta’limi tizimida keng ko‘lamli islohotlar boshlangani va 2030-yilgacha mo‘ljallangan xalq ta’limi tizimini rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilganligini ta’kidladi.
Alohida qayd etish joizki, mamlakatimizda ta’lim sifatini oshirish maqsadida 2030-yilgacha PISA mezonlari bo‘yicha dunyoning o‘ttizta eng ilg‘or mamlakati qatoriga kirish maqsad qilib qo‘yilgan.
Yetakchi mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, sifatli ta’lim standartlarini yaratishda yo‘l xaritasining ishlab chiqilishi muhim hisoblanadi.
Milliy ta’lim standartlari asosida darslik va o‘quv qo‘llanmalar, o‘qitish usuli hamda baholash tizimi yaratiladi.
Standartlar ta’limni rivojlantirishga, shu bilan birga o‘qituvchilar malakasini oshirishga qaratilgan. Shuningdek, ta’lim tizimining yuqoridagi barcha tarkibiy qismlarini ulashga va eng yaxshi natijalarga erishish uchun ularni birgalikda amalga oshirish imkonini beradi. Qolaversa, milliy standartlar yuqorida qayd etilgan elimentlarning o‘zaro bog‘liq holda qo‘yilgan maqsadlarga erishishga zamin yaratadi.
Xalq ta’limi vazirligi tomonidan bugunga kelib umumiy o‘rta ta’lim milliy standartining loyihasi tayyorlandi. Standartlar mahalliy va xorijlik ekspertlar ishtirokida yaratildi.
Mazkur loyiha va xorijning ilg‘or tajribasini muhokama etish uchun YuNISEF eksperti Metyu Goldi-Skot O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
Umumiy o‘rta ta’lim standartlari loyihalari yil yakuniga qadar jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi rejalashtirilgan. Keyingi bosqichda amalga oshiriladigan vazifalar har bir fan va sinf uchun o‘quv dasturlarini ishlab chiqish hamda 2020-yil o‘quv materiallarini tayyorlashdan iborat bo‘ladi.
Yangi standartlar asosida ishlab chiqilgan o‘quv rejalari va dasturlari maktablarda 2021-2022-yillarda aprobatsiyadan o‘tadi va kelasi besh yilda bosqichma bosqich joriy etib boriladi.
Xorijlik mutaxassis maktab ta’limi tizimi islohotlariga yuqori baho berdi va muhim milliy ta’lim standartlarini ishlab chiqarish jarayonida ishtirok etayotganidan mamnun ekanligini bildirdi.