O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston Prezidenti Hindistonning Gujarat shtati delegatsiyasini qabul qildi

2019-10-22 | Siyosat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-oktabr kuni mamlakatimizda tashrif bilan bo‘lib turgan Hindiston Respublikasi Gujarat shtati bosh vaziri Vijay Rupani boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Prezidentimiz mehmonlarni samimiy qutlar ekan, O‘zbekiston bilan Hindiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik izchil rivojlanayotgani, do‘stlik va strategik sheriklik mustahkamlanib borayotganini alohida ta’kidladi.

Muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi muloqotlar, jumladan, o‘tgan yilning oktyabr oyida Dehli shahriga va joriy yilning yanvar oyida Gandinagar shahriga (Gujarat shtatining ma’muriy markazi) amalga oshirilgan tashriflar ko‘p qirrali ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilgani qayd etildi. 

Vijay Rupani, o‘z navbatida, davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi hamda Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Yuqori martabali mehmon Gujarat shtati delegatsiyasining tashrifi doirasida Andijon, Samarqand, Buxoro va Toshkentda o‘tgan uchrashuv va muzokaralar, avvalo, oliy darajada erishilgan kelishuvlarni keng ko‘lamda amalga oshirishga ko‘maklashishga qaratilganini ta’kidladi.

O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Biotexnologiyalar va agroklasterlar, to‘qimachilik, farmatsevtika sanoati, avtomobillar uchun butlovchi qismlar va kosmetika mahsulotlari ishlab chiqarish, qurilish, mehmonxona infratuzilmasini boshqarish kabi sohalarda va boshqa yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Joriy yil O‘zbekistonda birgalikda ochilgan oliy ta’lim muassasalarida va Hindistonning yetakchi oliy ta’lim dargohlari negizida talab yuqori bo‘lgan muhandislik-texnik mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlash hamda ta’lim sohasi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

O‘zbekiston hamda Gujarat shtatining yetakchi kompaniya va tashkilotlari o‘rtasida samarali sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasini” tez fursatda ishlab chiqishga kelishib olindi.

Uchrashuv yakunida Vijay Rupani mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish va xalqlarimiz do‘stligini mustahkamlashda har tomonlama ko‘maklashishga tayyorligini tasdiqladi.

Поделиться