O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekistonda odam papilloma virusiga qarshi emlashga start berildi
2019-10-22 | Sog‘liqni saqlash
Sog‘liqni saqlash vazirligida mamlakatimizda odam papilloma virusiga qarshi emlashga start berilishi munosabati bilan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbir Sog‘liqni saqlash vazirligi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va UNICEFning mamlakatimizdagi vakolatxonasi hamkorligida tashkil etildi. Unda tegishli davlat, jamoat va xalqaro tashkilotlar vakillari, onkolog, epidemiolog, ginekologlar va jurnalistlar ishtirok etdi.
Tadbirda qayd etilganidek, bachadon bo‘yni saratoni ayollar salomatligiga tahdid qiluvchi jiddiy kasalliklardan biri hisoblanadi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda birgina 2018-yilda bachadon bo‘yni saratoni bilan qariyb 570 000 yangi kasallanish holati qayd etilgan. Har yili shu kasallikdan 311 000 nafardan ortiq ayollar vafot etadi.
Dunyoda bo‘lgani kabi, mamlakatimizda ham ushbu xastalik ayollar o‘rtasida tarqalishi bo‘yicha ko‘krak bezi saratonidan keyin ikkinchi va kasalliklardan o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha esa tug‘ish yoshidagi ayollar orasida ikkinchi o‘rinda turadi. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, har yili yurtimizda 1600 nafardan ziyod ayol bachadon bo‘yni saratoni kasalligiga chalinmoqda.
Milliy emlash kalendariga ko‘ra, mamlakatimizda bolalar davlat byudjeti hisobidan 12 ta boshqariladigan infektsiyalarga qarshi emlanadi. Shuning uchun ham yurtimizda epidemiologik holat barqaror saqlanmoqda. Endilikda OPVga qarshi vaktsinaning joriy qilinishi esa yana bir og‘ir kasallik — bachadon bo‘yni saratoni kasalligining oldini olishga xizmat qiladi.
Bugundan boshlab yurtimizdagi barcha 9 yoshli o‘smir qizlar ushbu kasallikka qarshi emlanadi. Shu o‘rinda qayd etish lozimki, odam papilloma virusiga qarshi vaktsinaning narxi ancha qimmatligi sabab aksariyat davlatlarda u pulli asosda bajariladi. Mamlakatimizda esa, o‘smir qizlar davlat hisobidan bepul emlanadi. Natijada kelajakda har yili 1100 ta kasallanish va bachadon bo‘yni xastaligi bo‘yicha esa 600 ga yaqin o‘lim holatining kamayishiga erishiladi.
Tadbirda qayd etilganidek, JSST odam papillomasi virusiga qarshi vaktsinani barcha immunizatsiya dasturlariga kiritishni tafsiya etadi. Bugungi kunda jahonning 96 davlati uni o‘z milliy emlash kalendariga kiritgan. Ularning orasida Buyuk Britaniya, Daniya, Shvetsiya, Finlandiya kabi qator Yevropa davlatlari, shuningdek, AQSh, Kanada, Avstraliya va Lotin Amerika mamlakatlari ham bor. Shunday qilib, 2006-yildan boshlab shu kungacha butun dunyoda 100 million nafardan ortiq odam ushbu vaktsina bilan emlangan.
Shu o‘rinda ko‘pchilikni vaktsinaning qizlarning reproduktiv funktsiyasiga salbiy ta’siri bo‘lmaydimi, degan savol qiziqtirishi tabiiy. O‘tkazilgan xalqaro ilmiy tadqiqotlarda shu aniq bo‘ldiki, yuqorida qayd etilganidek, mazkur vaktsina nafaqat saratondan himoyalash, balki, reproduktiv a’zolar salomatligini ham yanada mustahkamlash xususiyatiga ega ekan.
Bundan 9 yil oldin, ya’ni, 2010-yilda emlangan 8000 nafar qizlardan biri Gulira’no Rahimjonova 3 yoshli qizchasi bilan ushbu tadbirga tashrif buyurib, OPVga qarshi emlashdan keyin sog‘lig‘i bilan bog‘liq hech qanday salbiy muammo yuz bermaganini, aksincha, vaktsina salomatligini yaxshilashga xizmat qilganini alohida ta’kidladi. Uning aytishicha, bundan 9 yil avval u bilan birga emlangan tengdoshlarining aksariyati hozirda onalik baxtiga musharraf bo‘lgan.
Matbuot anjumanida milliy va xalqaro ekspertlar tomonidan odam papilloma virusiga qarshi vaktsinaning jahon tibbiyotida qo‘llanilishi tajribasi, uning inson salomatligini asrashdagi muhim natijalariga oid ma’ruza va taqdimotlari o‘tkazildi. Jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldi.