O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi hamda Rossiya Veterinariya va fitosanitariya nazorati federal xizmati o‘rtasida imzolangan Bayonnomaga muvofiq, tomonlar o‘rtasida “Yashil yo‘lak” tizimini rivojlantirish bo‘yicha qator amaliy ishlar olib borilmoqda.
Rossiya Federatsiyasining bojxona o‘tkazish punktlarida tashkil etilgan “Yashil yo‘lak” tizimi Rossiyaga kirib kelayotgan O‘zbekiston eksportyor tadbirkorlarining karantin ostidagi mahsulotlarini fitosanitariya ko‘rigidan oson va tezkor, ortiqcha ovoragarchiliklarsiz o‘tishini ta’minlashga qaratilgan. Shu doirada o‘zbekistonlik eksportyor tadbirkorlar hamkor mamlakatning bojxona punktlarida joylashgan vaqtincha saqlash omborxonalaridan foydalanadi.
Rossiya Federatsiyasining 13 ta chegara va logistika markazlarida “Yashil yo‘lak” orqali o‘tish tizimi yo‘lga qo‘yilishi natijasida, Rossiya davlatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksport hajmi 7,5 barobarga oshdi. Ushbu ko‘rsatkich “Yashil yo‘lak” tizimining mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojiga o‘z ijobiy ta’sirini ko‘rsatayotganiga yaqqol dalildir.
Hozirgi kunda, “O‘zdavkarantin” inspeksiyasi Rossiya Veterinariya va fitosanitariya nazorati federal xizmati bilan birgalikda yil yakuniga qadar “Yashil yo‘lak” tizimidagi bojxona o‘tkazish punktlari sonini 20 taga yetkazish yuzasidan muzokaralar olib bormoqda.