O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Chiroqchi tumanida yangi va zamonaviy sharoitlarga ega Aholi bandligiga ko‘maklashish markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi
2019-10-18 | Jamiyat
2019-yil 15-oktabr Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida yangi va zamonaviy shart-sharoitlarga ega Aholi bandligiga ko‘maklashish markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muxitdinov, Chiroqchi tuman hokimligining mas'ul xodimlari, mahalla faollari hamda aholi vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2019 yilga mo‘ljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4067-sonli qaroriga muvofiq, Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tuman Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi ma'muriy binosining qurilish ishlari uchun 1 092,0 mln.so‘m mablag‘ ajratilgan.
Markazda aholi bandligini ta'minlash bo‘yicha hududiy va tarmoq dasturlarini ishlab chiqish va ularning bajarilishini tizimli ravishda muvofiqlashtirish, bandlikning samarali shakllarini rivojlantirish, mehnat bozori va aholining alohida ijtimoiy-demografik guruhlari talabini hisobga olgan holda ish o‘rinlari tashkil etish bo‘yicha davlat buyurtmalarini shakllantirish uchun takliflar tayyorlanadi.
Ixtisoslashtirilgan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalarini tashkil etish va o‘tkazish, mehnat organlari tomonidan aholiga va ish beruvchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish va ulardan qulay foydalanishni ta'minlash orqali ishsizlarni, yoshlarni, birinchi navbatda, kasb-hunar kollejlari va oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilarini hamda aholinining boshqa ijtimoiy zaif toifalarini ishga joylashtirish bo‘yicha tizimli ishlar ham markaz tomonidan amalga oshiriladi.
Ta'kidlash joizki, tez orada Qashqadaryo viloyatining G‘uzor, Koson, Yakkabog‘, Qamashi tumanlarida ham ana shunday yangi qiyofaga ega Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari ishga tushiriladi.