O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Boshqaruv innovatsiyalari kunlari: katta maʼlumotlardan blokcheyngacha
2019-10-17 | Innovatsiya
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Biznes va boshqaruv respublika oliy maktabi, BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan tashkil etilgan Boshqaruv innovatsiyalari kunlari doirasida xorijiy va mahalliy ekspertlar tomonidan seminarlar oʼtkazilmoqda, maʼruzalar oʼqilmoqda, muhokamalar qizgʼin kechmoqda.
Koreya Respublikasidan tashrif buyurgan Jinvon Xo elektron hukumat boʼyicha mutaxassis boʼlib, u “Davlat xizmatlari uchun katta maʼlumotlar” mavzusida chiqish qildi. Prof. Jinvon Xo Loyiha boshqaruvi milliy agentligi huzuridagi Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi uchun World Friends Korea (WFK) dasturida elektron hukumat boʼyicha maslahatchidir.
Bugunda raqamli olamda 2.7 zettabayt hajmdagi maʼlumotlar mavjud. Butun dunyo boʼylab har daqiqada 150 mingga yaqin elektron xat joʼnatiladi, Feysbuk ijtimoiy tarmogʼiga 3,3 millionta post qoʼyiladi, Gugl tizimi orqali 3,8 millionta qidiruv, Instagram orqali 65 mingdan ziyod fotosurat, Yutub orqali 500 soatlik videoyozuvlar joylashtiriladi. Bu har daqiqada qoʼyiladigan maʼlumotlar xolos!
Katta maʼlumotlar bu texnologiyalar emas, balki sunʼiy intellekt, mahsulot interneti kabi yangi texnologiyalar bilan hamkorlik uchun xazina boʼlib, muhimi undan foydalana bilishdir. Oʼta yirik va murakkab maʼlumotlardan maʼlum bilimlarni olish va zarur axborotlarga ega boʼlish mumkin, oʼz navbatida bunday axborotlar yangi qonuniyatlarning kashf etilishiga sabab boʼladi. Maʼlumotlar bilimga aylanadi, hayotimizni oʼzgartiradi, strategiyani belgilaydi, tanlov yoʼnalishini aniqlaydi, boshqa fanlar va texnologiyalar va ijtimoiy tadqiqotlarni amalga oshirishga yordam beradi.
Jinvon Xoning fikricha katta maʼlumotlarni toʼplash, saralash, saqlash uchun va ulardan foydalanish uchun mablagʼdan tashqari malakali kadrlar kerak. Bunda davlat xizmatchilaridan innovatsiyalarni qabul qilish salohiyati talab etiladi. Tadbir ishtirokchilari blokcheynning joriy etilishi Oʼzbekiston raqamli rivojlanish strategiyasining takomillashtirilishiga qanday taʼsir koʼrsatishini muhokama qildilar.
BMT Taraqqiyot dasturining Yevropa va Markaziy Osiyo boʼyicha byurosi mutaxassisi Robert Pashichko “Blokcheyn va rivojlanish” borasida maʼruza qildi. Uning fikricha, 2027 yilga kelib jahon yalpi ichki mahsulotining oʼn foizi blokcheyn texnologiyasida saqlanadi. Blokcheyn bir-biriga notanish odamlarning umumiy yozuvlarga ishonishiga imkoniyat yaratadi. Blokcheyn moliyaviy amaliyotlarni, jumladan pul oʼtkazmalarini qulay, xavf-xatardan xoli va ortiqcha xarajat qilmay amalga oshirish imkonini beradi. Bu texnologiyadan nafaqat bank-moliya sohasida, balki logistika va energetikada, kadastr xizmatlarini koʼrsatishda, saylov kompaniyalarini onlayn tarzda tashkil etishda foydalanish mumkin.
Boshqaruv innovatsiyalari kunlari doirasida, shuningdek, “Аqlli shahar” kontseptsiyasining innovatsiyalarni joriy etilishiga taʼsiri va aholi turmush darajasini belgilashi haqida muhokamalar boʼldi. Tanqidiy va strategik fikrlash masalalari koʼrib chiqildi. Shaharlarda quyosh energiyasidan foydalanish, oʼrmonlar va bogʼlarni tiklash, blokcheyn yordamida oziq-ovqat mahsulotlarini nazorat qilish masalalari qatnashchilarning bahsu munozaralariga sabab boʼldi.