O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ijtimoiy tarmoqlarda OPVga qarshi vaktsina to‘g‘risida bildirilayotgan vajlar asossiz
2019-10-17 | Sog‘liqni saqlash
Bachadon bo‘yni saratoni ayollar salomatligiga tahdid qiluvchi jiddiy kasalliklardan biri hisoblanadi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda birgina 2018-yilda bachadon bo‘yni saratoni bilan qariyb 570 000 yangi kasallanish holati qayd etilgan. Har yili shu kasallikdan 311 000 nafardan ortiq ayollar vafot etadi. Ammo, kasallikning ushbu turini oldini olish borasida sinalgan va samarali usullar mavjud. Ulardan biri — odam papilloma virusi (OPV)ga qarshi emlash.
Mamlakatimiz ham bu borada birinchi qadamni qo‘ydi, ya’ni shu yilning oktabridan boshlab yurtimizdagi barcha 9 yoshli o‘smir qizlar ushbu kasallikka qarshi emlanadi. Natijada kelajakda har yili 1 100 ta kasallanish va bachadon bo‘yni xastaligi bo‘yicha 600 ga yaqin o‘lim holatining kamayishiga erishilishi ko‘zda tutilmoqda.
Shu o‘rinda ko‘pchilikni odam papilloma virusi o‘zi nima? Ushbu vaktsinaga mamlakatimizda ehtiyoj bormi? Vaktsinaning asoratlari bo‘lmaydimi, degan savollar qiziqtirishi tabiiy. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda ushbu vaktsina haqida turli xavotirli bahs-munozaralar ham bo‘lmoqda. Ular qanchalik asosli?
Odam papilloma virusi (OPV) nima?
Papilloma virusli kasallik bo‘lib, uning 200 dan ortiq turi mavjud. Ayrim ko‘rinishlari onkologik xastaliklarni keltirib chiqaradi. Xususan, ayollardagi bachadon bo‘yni saratoni rivojlanishida aynan papilloma virusi yetakchilik qiladi. Virusning o‘nga yaqin turi jinsiy a’zolarni zararlaydi. Uning onkogen xavfi yuqori bo‘lgan - 6, 11, 16, 18 turlari esa saratonni paydo qilishi mumkin.
Odam papilloma virusi (OPV)ga qarshi vaktsina esa turli xavfli kasalliklarga sabab bo‘luvchi OPV infektsiyalari yuqishini oldini olish uchun qo‘llaniladi. Bundan tashqari, odam papilloma virusiga qarshi emlash ayollar va erkaklar jinsiy a’zolarida o‘tkir uchli kondilomalar paydo bo‘lishiga sabab bo‘luvchi OPV infektsiyalari yuqishining ham oldini oladi.
Huquqiy asos bilan mustahkamlangan
Bachadon bo‘yni saratoni tarqalishiga ko‘ra jahonda ayollarda uchraydigan saraton kasalliklari orasida to‘rtinchi o‘rinda turadi. Dunyoda bo‘lgani kabi, mamlakatimizda ham bachadon bo‘yni saratoni barcha yoshdagi ayollar o‘rtasida tarqalishi bo‘yicha ko‘krak bezi saratonidan keyingi o‘rinni egallaydi. Kasalliklardan o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha esa, ushbu xastalik barcha yoshdagi ayollar o‘rtasida ko‘krak bezi va oshqozon bezi saratonidan keyin uchinchi va tug‘ish yoshidagi ayollar (15-44 yosh) orasida esa ikkinchi o‘rinda turadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, har yili yurtimizda 1600 nafardan ziyod ayol bachadon bo‘yni saratoni kasalligiga chalinmoqda. Shu bois, butun dunyoda ushbu kasallikning oldini olish muhim ahamiyatga ega.
Yurtimizda 2017-yilda Vazirlar Mahkamasi tomonidan bu borada milliy reja tasdiqlangan. U o‘z ichiga bachadon bo‘yni saratonini davolash, palliativ yordam ko‘rsatish bilan birga, OPVga qarshi emlash, bachadon bo‘yni saratonini skrining qilish kabi birlamchi profilaktik tadbirlarni qamrab oladi. Milliy emlash kalendariga ko‘ra, mamlakatimizda bolalar davlat byudjeti hisobidan 12 ta boshqariladigan infektsiyalarga qarshi emlanadi. Shuning uchun ham mamlakatimizda epidemiologik holat barqaror saqlanmoqda. Endilikda OPVga qarshi vaktsinaning joriy qilinishi esa yana bir og‘ir kasallik — bachadon bo‘yni saratoni kasalligining oldini olishga xizmat qiladi.
- Ayni paytga qadar mamlakatimizda Milliy emlash taqvimiga ko‘ra 12 turdagi kasalliklarga qarshi emlash ishlari olib borilar edi. Endilikda navbatdagi - odam papiloma virusiga qarshi vaktsina joriy etilmoqda, - deydi Virusologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori Erkin Musaboyev. -Shu o‘rinda qayd etish kerakki, mamlakatimizda har bir vaktsinani joriy qilishdan oldin uni har tomonlama chuqur tahlil va sinov o‘tkazilib, ko‘zlangan ijobiy natija olinsagina u amaliyotga joriy etiladi. Bu gal ham Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshida maxsus texnik ekspertlar guruhining dunyo tajribasiga tayangan holda o‘tkazgan eksperimentlari ijobiy natijasini namoyon etdi. Shuning uchun bu vaktsinadan qo‘rqish, xavfsirash noo‘rin. Mazkur vaktsinaga qarshi ko‘rsatmalar umuman yo‘q.
Dunyoning qaysi mamlakatlarida ushbu vaktsina amalda?
Ma’lumot uchun, ayni paytda OPVga qarshi rejali emlash dunyoning 102 dan ortiq mamlakatida bir yoki bir necha turdagi OPV vaktsinasidan foydalanishga ruhsat berilgan. Shu yilning iyun oyi holatiga ko‘ra dunyoning 96 ta davlati (jumladan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqasidagi 33 mamlakat) milliy emlash dasturlariga ushbu virusga qarshi emlashni kiritgan. Shuningdek, 11 ta mamlakat esa hatto o‘g‘il bolalarni ham emlash dasturini joriy etgan. Emlashning inson salomatligini asrashdagi muhim natijasi bu vaktsina ko‘p yillardan beri qo‘llanib kelinayotgan juda ko‘plab davlatlar ( AQSh, Rossiya, Avstraliya, Kanada, Daniya, Irlandiya, Shvetsiya, Finlyandiya, Yangi Zelandiya, Shotlandiya ) misolida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Shu o‘rinda qayd etish lozimki, odam papilloma virusiga qarshi vaktsinaning narxi ancha qimmatligi sabab aksariyat davlatlarda u pulli asosda bajariladi. Bizning mamlakatimizda esa, o‘smir qizlar davlat hisobidan bepul emlanadi.
Vaktsina xavfsiz va kafolatli
Shu o‘rinda aytib o‘tish lozimki, odam papilloma virusiga qarshi vaktsina mamlakatimizda ilk marotaba 2006-yilda litsenziyalashdan oldin sinovdan o‘tkazilgan. O‘tkazilgan klinik tadqiqotlarda vaktsina ayollar reproduktiv funktsiyalariga hech qanday nojo‘ya ta’sir ko‘rsatmasligi aniqlangan. Shuningdek, ushbu vaktsina saraton oldi kasalliklar va saratonning oldini olish bilan birga reproduktiv funktsiyani himoya qilishi ham aniqlangan.
- 2010-yilda mamlakatimizda 8 ming nafar 9-15 yoshli qizlar orasida ushbu vaktsina qo‘llanilgan edi. O‘tgan davrda ushbu qizlarda hech qanday salbiy o‘zgarishlar kuzatilmadi, - deydi tibbiyot fanlari nomzodi, professor Dilbar Mahmudova. - Bugungi kunda millat genofondini yaxshilash, ayollar va qizlar salomatligini muhofaza qilish maqsadida davlatimiz tomonidan qator xalqaro tashkilotlar hamkorligida ushbu vaktsina olib kelinmoqda. Shu o‘rinda savol tug‘ilishi tabiiy. Nima uchun vaktsina aynan 9-14 yoshdagi o‘smir qizlarda qo‘llaniladi? Ilmiy izlanishlar natijasiga ko‘ra, aynan shu yoshdagi qizlar mukammal ravishda immunitet ishlab chiqaradi. Boisi, ular hali turmushga chiqmagan va virusni yuqtirish immunitetiga ega bo‘lmagan bo‘ladi. Shu sababli ham ayni shu paytda emlash boshqa yoshdagilarga nisbatan samarali bo‘ladi.
- 15 yoshimda hududimizdagi oilaviy poliklinikada odam papilloma virusiga qarshi vaktsina bilan emlanganman, - deydi Gulira’no Rahimjonova. - Hech qanday shikoyat yoki og‘riqli, noxush holatlar kuzatilmagan. Hozirda 23 yoshdaman. 2015-yil turmushga chiqdim. 2016-yilda qiz farzandli bo‘ldim. Homiladorlik davrim juda yaxshi o‘tgan. Ayni paytda sog‘lom onalardan biriman.
Ko‘rinib turibdiki, ijtimoiy tarmoqlarda vaktsina haqidagi bildirilayotgan turli xavotirli munosabatlar o‘rinsiz.
Ayni paytda mamlakatimizda o‘smir qizlarni odam papilloma virusiga qarshi emlash ishlari boshlanish arafasida. Respublika bo‘ylab bu tadbirlar ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqich shu yilning oktabr oyining uchinchi o‘n kunligidan noyabrning oxirigacha davom etsa, ikkinchi bosqich 2020-yil aprelida o‘tkaziladi. Bu jarayonda mamlakatdagi 353 ming nafar 9 yoshdagi qizlar qamrab olinishi rejalashtirilgan.
Emlash jarayonining borishi esa Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, YuNISEF va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining qat’iy nazoratiga olinadi. Emlash jarayoni barcha tibbiy ko‘rsatmalarga rioya etilgan holda, o‘z vaqtida va to‘g‘ri amalga oshirilsa, hech qanday asorat bo‘lmaydi. Aksincha, OPVga qarshi emlash orqali farzandlarimizni bachadon bo‘yni saratoni deb atalmish og‘ir darddan xalos etishga, kelajakda ularning sog‘lom va baxtli hayot kechirishiga erishamiz.