O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Integratsiya va hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar
2019-10-16 | Siyosat
Turkiy kengashning 7-sammiti ishtirokchilari, turkiy dunyo hamjamiyatini muhim sana – Turkiy davlatlar hamkorligi kengashini tuzish toʻgʻrisidagi Naxichevan bitimi qabul qilinganining 10 yilligi bilan tabriklash menga katta mamnuniyat bagʻishlaydi.
Ushbu muhim hujjatning imzolanishi mustahkam tarixiy aloqalar, til, madaniyat va maʼnaviy qadriyatlar mushtarakligiga asoslangan turkiy davlatlarning samarali hamkorligida yangi davrni boshlab berdi.
Bugun Turkiy kengash aʼzo-davlatlar oʻrtasida muloqot va kooperatsiyani kengaytirish va mustahkamlash, jahon miqyosida ularning manfaatlarini samarali himoya qilish uchun nufuzli xalqaro platforma hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi katta turkiy oilaning uzviy boʻlagi sifatida turkiy tilli davlatlar bilan munosabatlarni rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratmoqda. Mustaqillikning ilk kunlaridanoq Oʻzbekiston turkiy dunyo hamjamiyati tomonidan qoʻllab-quvvatlangan “Turkiston – umumiy uyimiz” degan tashabbusni ilgari surdi. Mamlakatimiz turkiy tilli mamlakatlar davlat rahbarlarining ilk sammitlarida faol ishtirok etdi. 1996-yil 21-oktabr kuni Toshkent shahrida turkiy tilli davlatlar rahbarlarining tarixiy – toʻrtinchi uchrashuvi boʻlib oʻtdi. U turkiy tilli davlatlar hamkorligini rivojlantirishda muhim davrni boshlab berdi va maʼlum maʼnoda zamonaviy Turk kengashini tuzishga asos boʻldi. Oʻshanda Toshkent deklaratsiyasini imzolar ekan, davlatlar rahbarlari oʻzaro maslahatlashuvlarni muntazam oʻtkazish zarurligini qayd etib, turkiy tilli davlatlar rahbarlari uchrashuvlari Kotibiyatini tashkil qilishga kelishib oldi. Bu muhim institut roppa-rosa 10 yil avval Turk kengashining Naxichevan bitimiga muvofiq taʼsis etilgan Hamkorlik kengashining zamonaviy Kotibiyati faoliyatida oʻz ifodasini topdi.
Joriy yilda Oʻzbekiston rasman Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga Naxichevan bitimiga qoʻshilish haqidagi ariza bilan rasman murojaat qildi. Mazkur murojaat Tashkilotga aʼzo barcha davlatlar tomonidan iliq qarshi olindi, buning uchun ularga chuqur minnatdorlik izhor qilamiz. Gʻoyat qisqa fursatda – qariyb bir ish kunida ijobiy javob berildi.
2019-yil 14-sentabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Naxichevan bitimiga qoʻshilish toʻgʻrisidagi farmoni imzolandi. Shu kunning oʻzidayoq uni ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi qonun qabul qilinib, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Kengash Kotibiyati va depozitariysiga Oʻzbekiston Naxichevan bitimiga qoʻshilishi toʻgʻrisida hujjat yuborildi.
Ishonamanki, Oʻzbekistonning Turkiy kengashga aʼzo boʻlishi turkiy dunyoga integratsiyani mustahkamlashga xizmat qiladi va hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Turkiy kengash aʼzo mamlakatlarning oʻzaro iqtisodiy aloqalarini mustahkamlashga intilayotgani ayni damda gʻoyat muhim.
Oʻzbekiston Kengashga aʼzo barcha davlatlar bilan nafaqat ikki tomonlama, balki qator xalqaro tuzilmalar doirasida ham koʻplab sohalarda oʻzaro manfaatli hamkorlik qilish borasida katta tajribaga ega.
Turkiy kengash faoliyati doirasidagi davlatlararo munosabatlarning ijobiy tendensiyalari biz uchun bugungi kunda nafaqat Turkiy kengash, balki BMT, YEXHT, Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Afgʻoniston boʻyicha “Istanbul jarayoni – Osiyo yuragi” kabi xalqaro tuzilma va mexanizmlar bilan oʻzaro aloqalar doirasida ham hamkorlikni yanada kengaytirishning yangi istiqbollarini ochmoqda.
Kengash maslahatlashuv davlatlararo munosabatlarni muvofiqlashtiruvchi mexanizm va Markaziy Osiyo, Kavkaz, Oʻrta Sharq va Yevropada teng huquqli, oʻzaro manfaatli xalqaro hamkorlikni ilgari surish vositasi sifatida ulkan imkoniyatlarga ega. Mening nazarimda, aʼzo davlatlar oʻrtasida biror-bir muammo yoki kelishmovchilik yoʻqligi Kengashning eng muhim afzalligi hisoblanadi. Uning barcha aʼzolari Turkiy kengash faoliyati xalqaro va mintaqaviy kun tartibiga oid dolzarb masalalar boʻyicha mushtarak yoki yaqin yakdil qarash va pozitsiyalarga amal qiladi. Demak, iqtisodiyot, investitsiyalar, innovatsiyalar va yuqori texnologiyalar, muqobil energetika va ekologiya, transport va kommunikatsiyalar, turizm, ilm-fan, taʼlim va tibbiyot kabi ustuvor sohalarda faol hamkorlik qilish uchun hech qanday toʻsiq yoʻq.
Turkiy kengash davlatlari oʻrtasidagi har tomonlama hamkorlikning amaldagi darajasi bizni gʻoyat ruhlantiradi. Ayni paytda uning haqiqiy salohiyati ancha yuqori. Bizda yanada yuksak natijalarga erishish uchun barcha zarur imkoniyatlar, eng asosiysi, qatʼiy siyosiy iroda bor. Bu esa, shubhasiz, xalqlarimiz manfaatlariga toʻla javob beradi.
Shu maʼnoda, Oʻzbekiston hamkorlikning muhim jihatlari va yoʻnalishlarini belgilab oldi. Biz ularni faol qoʻllab-quvvatlashga tayyormiz.
Bu, birinchi navbatda, oʻzaro manfaatli savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish bilan bogʻliq. Bugungi kunda mazkur yoʻnalish hamkorlikning lokomotivi boʻlishi darkor, chunki u xalqlarimiz farovonligining asosidir. Bunda mamlakatlarimiz yetakchi sanoat korxonalari, investitsiya kompaniyalari, bank-moliya institutlari va tadbirkorlari oʻrtasidagi kooperatsiyani kuchaytirish, shuningdek, mintaqalararo samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish zarur.
Transport va tranzit sohalaridagi yaqin kooperatsiya aloqalarini rivojlantirishdan manfaatdormiz. Integratsiyalashgan transport aloqasi tarmogʻini tashkil qilish dunyoning asosiy va mintaqa bozorlariga chiqish imkonini beradi. Bu yerda soʻz, avvalo, Shimol-Janub va Sharq-Gʻarb xalqaro transport yoʻlaklari, Markaziy Osiyo mintaqasini Xitoy, Shimoli-Sharqiy va Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropa mamlakatlari bilan bogʻlovchi avtomobil, temir yoʻl va havo yoʻllari haqida bormoqda.
Shu maqsadda mintaqada transport infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha strategik jihatdan muhim qator loyihalar amalga oshirilgan. “Andijon – Oʻsh – Irkeshtom – Qoshgʻar” avtomobil yoʻlagining rivojlanishi, shuningdek, “Xitoy – Qirgʻiziston –Oʻzbekiston” temir yoʻli qurilishi boshlanishi bilan yanada ulkan imkoniyatlar ochilmoqda.
Barcha sohalarga ilgʻor axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va innovatsiyalarni joriy qilish har qanday davlatning raqobatbardoshligi va barqaror taraqqiyotini belgilab beruvchi omil hisoblanadi. Shuning uchun Turkiy kengash mamlakatlarini innovatsion rivojlantirishni biz ustuvor vazifa deb hisoblaymiz.
Shu munosabat bilan biz kelajak texnologiyalarini oʻzlashtirish boʻyicha dastur va loyihalarni ilgari surish maqsadida innovatsion rivojlanishga masʼul idoralar, ilmiy-tadqiqot markazlari va venchur kompaniyalari oʻrtasida yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyishni taklif etamiz.
Maʼlumki, turkiy tilli mamlakatlar xalqlari butun insoniyatning boyligi hisoblangan oʻziga xos bebaho madaniy-tarixiy va maʼnaviy merosga ega. Mamlakatlarimizda turkiy va islom sivilizatsiyasining tarixiy yodgorliklari, buyuk olimlar, shoir va mutafakkirlar, rassomlarning merosi asrab-avaylanadi. Bu bebaho boylik butun insoniyat mulki boʻlib, undan butun dunyo bahramand boʻlishi kerak. Ziyorat turizmini faol rivojlantirish bunga xizmat qiladi. Turizm industriyasi iqtisodiyotning tarkibiy qismi sifatida mamlakatlar va xalqlarni yaqinlashtirishda muhim rol oʻynaydi.
Bugunimiz va kelajagimiz istiqbolini belgilar ekanmiz, biz, shubhasiz, xalqlarimizning maʼnaviy-axloqiy qadriyatlari, boy tarixi va madaniyati, ularning koʻp asrlik doʻstligi, yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro anglashuv anʼanalariga tayanamiz. Madaniy-gumanitar hamkorlik davlatlar oʻrtasidagi munosabatlar muhitini shakllantiradi, insonlarni birlashtiradi. Qozogʻistonda Oʻzbekiston yilining va Oʻzbekistonda Qozogʻiston yilining oʻtkazilishi, Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Turkmaniston madaniyat kunlari va qoʻshma doʻstlik konsertlari, festivallari, koʻrgazmalari, shuningdek, insonlar qalbida iliq tuygʻularni joʻsh urdirgan koʻplab boshqa qoʻshma tadbirlar tashkil qilinishi bundan yorqin dalolatdir. Bu Turkiy kengashning barcha mamlakatlari uchun yaxshi anʼanaga aylanishi va, shubhasiz, xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va oʻzaro anglashuvni mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonchim komil. Biz inson kapitalini rivojlantirish sohasida oʻzaro hamkorlik qilish uchun katta salohiyatga egamiz. Tajriba almashish, qoʻshma taʼlim, ilmiy va madaniy loyihalar, yoshlar taʼlim-tarbiyasi boʻyicha istiqbolli dasturlarni amalga oshirish Turkiy kengashning ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylanmogʻi darkor.
Dunyoda globallashuv, beqarorlik va qarama-qarshilik kuchayib borayotgan sharoitda aynan yaqin va oʻzaro manfaatli hamkorlik barqaror rivojlanish va taraqqiyotga erishish, tinchlik va xavfsizlikni taʼminlashda muhim rol oʻynaydi. Fikrimcha, terrorizm, ekstremizm, uyushgan jinoyatchilik, narkotrafik, odam va qurol savdosiga qarshi kurashish boʻyicha Turkiy kengash mamlakatlari huquqni muhofaza qilish organlari saʼy-harakatini muvofiqlashtirish turkiy tilli davlatlar koʻp qirrali hamkorligining asosiy jihatlaridan biriga aylanmogʻi darkor.
Bugungi kunda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi yangi, yanada jadal va masʼuliyatli taraqqiyot bosqichiga qadam qoʻymoqda. Bu qardosh mamlakatlar va xalqlar oʻrtasidagi izchil va har tomonlama hamkorlikni mustahkamlashni talab etadi.
Turkiy tilli davlatlarning siyosiy irodasi, ochiq va konstruktiv siyosati, davlatlar rahbarlarining muntazam uchrashuvlari tufayli mintaqada oʻzaro ishonch muhiti yuzaga kelmoqda. Bu jarayonda Oʻzbekiston ham faol ishtirok etmoqda.
Turkiy xalqlarning buyuk namoyandasi, qirgʻiz yozuvchisi Chingiz Aytmatov mamlakatimizning tarixdagi roli haqida gapirar ekan, “Vizantiya slavyan davlatlari taqdirida qanday rol oʻynagan boʻlsa, oʻzbek xalqi turkiy tilli mamlakatlar taqdirida xuddi shunday rol oʻynagan”, deb taʼkidlagan edi.
Bugun ham tarixiy taraqqiyotning yangi va ayni damda murakkab bosqichida Oʻzbekiston Respublikasi turkiy tilli davlatlar oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlash va kengaytirishga munosib hissa qoʻshishga tayyor.
Turkiy tilli davlatlar xalqlarini Turkiy kengashning 10 yilligi bilan yana bir bor chin qalbimdan muborakbod etib, ularga tinchlik, omonlik va farovonlik tilayman.
Shavkat MIRZIYOYEV, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
“Hurriyet Daily” gazetasi (Turkiya), 2019-yil 15-oktabr