21 may – O‘zbekiston Respublikasi axborot-kutubxona tizimi xodimlari kuni etib belgilandi
Senatorlar “O‘zbekiston Respublikasi axborot-kutubxona tizimi xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonuni ko‘rib chiqdi.
Ma’lumki, 1870 yil may oyida Toshkent shahrida birinchi ommaviy kutubxona tashkil etilgan. Bugungi kunda respublikamizda 12 mingdan ziyod axborot-kutubxona muassasasi mavjud. Shuningdek, vazirliklar, idoralar va davlat organlari, shahar, tumanlarda ham ana shunday ziyo maskanlari ishlab turibdi. Axborot-kutubxona muassasalarining kitob fondi 150 milliondan ziyodni tashkil qiladi. Mazkur tizimda 25 ming 210 nafar xodim xizmat qilmoqda.
Qayd etilganidek, ushbu qonun ushbu tizimda xizmat qilayotgan xodimlarni rag‘batlantirish, kutubxonachi kasbining nufuzini oshirish, kutubxona ishiga yosh, iqtidorli, ilg‘or kadrlarni jalb etish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish asosida axborot-kutubxona muassasalari faoliyatini rivojlantirish va takomillashtirishga qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etadi.
Qonun bilan 21 may kunini O‘zbekiston Respublikasi axborot-kutubxona tizimi xodimlari kuni etib belgilash va ushbu sana munosabati bilan kutubxonachilarni ko‘p yillik halol mehnati, axborot-kutubxona sohasini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun davlat mukofotlari bilan taqdirlash hamda rag‘batlantirish ko‘zda tutilmoqda.
Ta’kidlanganidek, qonunning qabul qilinishi xalqimizning ma’naviy-ma’rifiy dunyosini boyitishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.