Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida “MDH davlatlarida soliq islohotlari: Saboqlar va istiqbollar” mavzusida Gaydar oʻqishlari tashkil etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Rossiya Xalq xoʻjaligi va davlat boshqaruvi akademiyasi va Ye.T.Gaydar nomidagi Iqtisodiy Siyosat instituti tomonidan tashkil etilgan tadbirda asosiy eʼtibor soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish va iqtisodiyotgni soliqlar vositasida tartibga solish samaradorligini oshirish yuzasidan ekspertlar oʻrtasida hamkorlik oʻrnatishga qaratildi.
Davlat soliq qoʻmitasi raisi Behzod Musayev va boshqalar mamlakatimizda soliq siyosatini takomillashtirish, soliq maʼmuriyatchiligi samaradorligini oshirish, soliq yukini izchil kamaytirish, soliq tizimini soddalashtirish va hisobotlarni tubdan qisqartirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini alohida taʼkidladi.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasining amaliyotga joriy etilishi natijasida mehnatga haq toʻlash jamgʻarmasiga soliq yuki kamaytirildi. Aylanma mablagʻlardan olinadigan soliqlar optimallashtirildi, davlat maqsadli jamgʻarmalariga majburiy ajratmalarni bekor qilish va yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi stavkasini kamaytirish orqali soliq tizimi qayta koʻrib chiqildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 26-sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, soliq siyosatida ayrim oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Oʻtgan vaqt davomida davlatimiz tomonidan yaratilgan soliq imtiyozlaridan oqilona foydalanib, tadbirkorlar oʻz faoliyatini yanada jonlantirdi. Jumladan, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining davlat byudjetiga tushumi ikki baravarga ortishi kuzatildi. Yilning birinchi yarmida qoʻshimcha 571 ming soliq toʻlovchi aniqlandi. Daromad soligʻi davlat byudjetini shakllantiruvchi uchinchi soliq turi ekani inobatga olinsa, bu muhim ahamiyatga ega.
– Bugungi kunda mamlakatimiz soliq organlari faoliyati tubdan takomillashtirilmoqda, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi kafedra mudiri Shuhrat Toshmatov. – Yangi turdagi yetti xil soliq nazorati mexanizmlari amaliyotga joriy qilinmoqda. Bu qoʻshilgan qiymat soligʻi guvohnomasini olish, bojxona deklaratsiyasi asosida kirib kelgan yuklarning elektron hisob-fakturasini joriy qilish, butun mamlakat tadbirkorlik faoliyati hisobini elektron koʻrinishga oʻtkazish, elektron transport yuk xati joriy qilib, yoʻldagi yuklar harakatini nazorat qilish va mahsulot tayyor boʻlganidan soʻng ular savdosida onlayn nazorat-kassa apparatlarini joriy qilishda namoyon boʻlmoqda. Rossiyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda tashkil etilgan oʻqishda esa tizimdagi yangiliklar boʻyicha atroflicha maʼlumotlarga ega boʻldik.
Soliq tizimiga bu kabi amaliyotlarni joriy etishda Xitoy, Rossiya kabi davlatlar tajribalari oʻrganildi. Bu, oʻz navbatida, soliq toʻlovida shaffoflikni taʼminlashga qaratilgan. Muhimi, tizimdagi oʻzgarishlar tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Mutaxassislar tadbirkorlik subyektlariga teng raqobat sharoitini yaratish uchun iqtisodiyotda yashirin savdo aylanmalarini aniqlash, biznesning boʻlinishiga qarshi kurashish va kelgusida oldini olish yuzasidan jahon tajribasida sinovdan oʻtgan mexanizmlar boʻyicha oʻz fikr-mulohazalari hamda tavsiyalarini bildirdi.
Tadbirda Rossiya soliq tizimi xususiyatlari, soliq siyosatining asosiy yoʻnalishlari va Rossiya Federatsiyasida soliq riskini optimallashtirish mavzulariga bagʻishlangan maʼruzalar tinglandi. Mutaxassislar oʻzaro tajriba almashish, ikki davlat soliq maʼmuriyatchiligi amaliyotida erishgan yutuqlari bilan oʻrtoqlashish va kelgusida sohani rivojlantirish borasida uzoq muddatli hamkorlik masalalari boʻyicha fikr-mulohazalar bildirildi.
Abdulaziz MUSAYEV, OʻzA