O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Klett-Verlag kompaniyasining nemis tili darsliklarini taʼlimga joriy etilishi muhokama qilindi
2019-10-10 | Ta’lim
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirining birinchi oʻrinbosari Alisher Umarov Germaniya tashkilotlari delegatsiyasini qabul qildi.
Uchrashuvda Klett-Verlag kompaniyasining nashriyoti vakili X.Sheffer, Germaniyadagi chet el maktablari Markaziy boshqarmasi koordinatori (SFA) Barbara Dambolt hamda Toshkent shahridagi Gyote instituti Tillar boʻlimi boshligʻi D.Muhammadaminovadan iborat delegatsiya vakillari tomonidan Oʻzbekiston maktablarida Klett-Verlag kompaniyasining nemis tili darsliklarini joriy etish masalasi muhokama qilindi.
Eʼtiborli jihati, Klett-Verlag kompaniyasining nemis tili darsliklari Samarqand, Fargʻona, Urganch va Toshkent shahridagi toʻrtta maktabda sinovdan oʻtkazilmoqda.
Xalq taʼlimi vazirligi sinov natijalariga koʻra, oʻqituvchilar fikrini oʻrganib, Klett-Verlag darsliklarini sotib olish masalasini hal etadi.
Bugungi kunda mamlakatimizda 355,1 mingdan ortiq oʻquvchilar nemis tilini chet tili sifatida oʻrganmoqda. Respublikamiz umumtaʼlim maktablarida 3,1 mingga yaqin nemis tili oʻqituvchisi mehnat faoliyatini yuritmoqda. 9 ta maktabda esa nemis tili chuqur oʻrganilmoqda.
Ushbu darsliklarni xalqaro grant, xorijiy investitsiya va boshqa vositalar yordamida sotib olish boʻyicha takliflar ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.