O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalq taʼlimi tizimi hududiy boʻlinmalarining OAV bilan hamkorlik masalalari muhokama etildi
2019-10-10 | Ta’lim
Joriy yilning 8-oktabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligida boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida hududiy boshqarmalarning ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik masalalari koʻrib chiqildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi maʼlumotiga koʻra, 9 oy davomida tizim boʻyicha tanqidiy maqolalar soni 226 tani tashkil etgan.
Asosiy muammolar darslik, oʻquv qurollarining yetishmasligi, maktabga qabul jarayoni, taʼlim sifatining pastligi va boshqalardan iborat.
Vazirlik axborot xizmati tomonidan mazkur tanqidiy materiallar tahlil qilinganida, ushbu davr mobaynida eng koʻp tanqidlar Samarqand viloyati (41 ta), Qashqadaryo viloyati (16 ta), Surxondaryo viloyati (11 ta) va Toshkent shahrida (11 ta) toʻgʻri keldi.
Videoselektor davomida Xalq taʼlimi vazirligi rahbariyati tomonidan hududlarda OAV bilan ishlash boʻyicha yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar tanqid qilindi. Mazkur kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Jumladan, har bir hududiy boshqarma rasmiy vebsaytlari, Facebook va Telegram tarmoqlarida rasmiy sahifalarini yuritishi hamda tizimda olib borilayotgan islohotlarni muntazam yoritib borishi taʼkidlandi.
Axborot xizmati faoliyatini tashkil etish borasida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar uchun Fargʻona viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi Maʼripjon Turdimatovga hayfsan eʼlon qilindi.