O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Qayta tiklangan Toshkent chinni zavodi ishga tushirildi

2019-10-10 | Siyosat

Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-oktabr kuni Olmazor tumanida yangi joyda qad rostlagan Toshkent chinni zavodini borib ko‘rdi.

Davlat rahbari bu zavodning qayta tiklanishi haqida o‘tgan yili 29 iyun kuni Olmazor tumani aholisi bilan muloqot chog‘ida aytgan edi.

1952 yilda ishga tushirilgan mazkur chinni zavodida choynak, piyola, kosa, tarelka, lagan, ko‘za kabi milliy uslubdagi buyumlar, suvenirlar tayyorlangan. «Oq oltin», «Tong», «Uzum», «Tovus» kabi to‘plamlar xalqaro ko‘rgazmalarda oltin medallarga sazovor bo‘lgan, ko‘plab mamlakatlarga eksport qilingan. Ammo keyinchalik xususiylashtirilib, ishlab chiqarish to‘xtab qolgan edi. 

Prezidentimiz topshirig‘iga muvofiq, zavod faoliyatini qayta tiklash maqsadida “Aloqabank” tomonidan umumiy qiymati 87 milliard so‘mlik loyiha amalga oshirildi. Foydalanilmayotgan ob'yekt rekonstruktsiya qilinib hamda qo‘shimcha binolar qurilib, Xitoyning “Huanggang Huauao Zhongbo Klin Technology Co. Ltd.” kompaniyasi uskunalari o‘rnatildi. 300 ta ish o‘rni yaratildi.

Zavodda yiliga 30 million dona oshxona idishlari, suvenirlar, binolarning ichki bezaklari ishlab chiqariladi. Yuz foiz mahalliy xomashyodan foydalaniladi. Mahsulotlar import o‘rnini to‘ldirib, Rossiya, Ukraina, Gruziya, Ozarbayjon va Markaziy Osiyo davlatlariga eksport ham qilinadi.

- Bu zavod O‘zbekistonning faxri, - dedi Shavkat Mirziyoyev. - Ilgari respublikamizga mehmon kelsa yoki yurtdoshlarimiz chet elga borsa, shu zavod to‘plamlaridan sovg‘a qilinardi. Endi ushbu yangi korxona undan ham chiroyli, sifatli va qadrli mahsulotlar tayyorlashi kerak.

Mutasaddilar bilan suhbatda zavod faoliyatini kengaytirib, klasterga aylantirish, yanada ko‘p xotin-qizlar va yoshlarni ishga jalb etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

- Mamlakatimizda shuncha uylar qurilyapti, odamlarning hayot sifati o‘zgaryapti, - dedi Prezident. - Yangi uyga ko‘chgan har bir oila albatta chinni buyumlar sotib oladi. Yubileylar, festivallarga bag‘ishlangan, sovg‘a uchun to‘plamlar ham chiqarish mumkin. Buning uchun dizayn ustida ishlash, bozor talabini o‘rganib, olimlar va texnologlar bilan hamkorlikda zamonaviy mahsulotlar tayyorlash, yangi brendlar yaratish kerak. Masalan, milliy naqshlarimiz, so‘zanalarimiz bu borada katta manba bo‘la oladi.

Davlatimiz rahbari chinni buyumlar muzeyini ko‘zdan kechirdi. Zavodda ishlagan mehnat faxriylari bilan suhbatlashdi. 

Поделиться