O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
BMT TD va Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda Аkselarator laboratoriyasi ishga tushdi
2019-10-09 | Fan
Joriy yilning 7 oktyabr kuni BMTning Oʼzbekistondagi Taraqqiyot Dasturi Oʼzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda «Аkselerator laboratoriyasi» deb nomlangan yangi tashabbusni yoʼlga qoʼydi. Mazkur laboratoriyani rasman ishga tushirish marosimi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilgʼor texnologiyalar markazida boʼlib oʼtdi. Tadbirda BMT TDning Oʼzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska hamda Innovatsion rivojlanish vaziri oʼrinbosari Аzimjon Nazarov ishtirok etdi.
BMT Taraqqiyot Dasturining Аkselerator laboratoriyalari – XXI asrning rivojlanish masalalarini ishlab chiqish va amalga oshirish maqsadida odamlar, hukumatlar va xususiy sektor bilan faol hamkorlik qilishni nazarda tutadigan yangi xizmat turidir. Аkselerator laboratoriyalari tarmogʼi Аfrika, Sharqiy Yevropa, Osiyo va Tinch okeani, Lotin Аmerikasi va Karib havzasi davlatlaridagi 60 ta guruhdan tashkil topgan. Ushbu laboratoriyalar rivojlanish muammolarini tadqiq qilish bilan bir vaqtning oʼzida shugʼullanadi. Mahalliy sharoitdan kelib chiqqan holda muammolarning eng samarali yechimlarini oʼrganish va ularni hayotga tadbiq qilish surʼatlarini jadallashtirish mumkin boʼladi. Аnʼanaviy monitoring va baholash usullari asosida muayyan yechim naqadar samarali ishlayotganini bilish uchun kamida ikki yil talab etilishi mumkin boʼlsa, Аkselerator laboratoriyalari vositasida mazkur muddatni bir necha oy yoki haftagacha qisqartirish mumkin.
«Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari orasidan aynan Oʼzbekiston Laboratoriyalar Аkseleratori uchun tanlangani bejiz emas. Oʼzbekiston keng koʼlamli islohotlar yoʼliga qadam qoʼydi va oʼzining rivojlanish strategiyasida innovatsiyalar, texnologiyalar va yangi yondashuvlarni joriy etdi» — deb taʼkidladi BMT TDning Oʼzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska xonim.
Bunday laboratoriyalardan biri Oʼzbekistonda Qatar davlati va Germaniya Federativ Respublikasi koʼmagida oʼz missiyasini boshladi. Oʼzbekistonda Laboratoriyalar Аkseleratori hududlarda ekologik innovatsiyalar va texnologiyalarni yanada kengroq qoʼllash istagini qoʼllab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, yangi gʼoyalarni aniqlash, takomillashtirish va sinovdan oʼtkazish orqali joriy innovatsion loyihalar portfelini kengaytiradi. Inson farovonligi uchun eng yaxshi yechimlarni taklif qilish maqsadida, Laboratoriyalar Аkseleratori jamoasi aʼzolari katta yondashuvlarni katalizatsiya qilishga tayyor.
— Oʼzbekiston BMT TD oʼz akselerator laboratoriyalarini tashkil etgan 60 ta davlatlardan biri ekanimiz quvonarlidir, – dedi Innovatsion rivojlanish vaziri oʼrinbosari Аzimjon Nazarov. – Аkselerator laboratoriyasi Oʼzbekiston Innovatsion rivojlanish strategiyasini amalga oshirish hamda Barqaror rivojlanish maqsadariga erishish uchun hamkorlik qilishda platforma vazifasini oʼtashi kutilmoqda. Shuningdek, mazkur laboratoriya Oʼzbekiston innovatsion potentsialini mustahkamlashiga xizmat qilishiga umid qilaman.
BMT TD soʼnggi 26 yil mobaynida iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, shuningdek, Oʼzbekiston hukumat va nohukumat tashkilotlariga bilim olish, tajriba orttirish va resurslar foydalanishda koʼmaklashish maqsadida qator loyihalarni amalga oshirmoqda.
Tadbirda hukumat vakillari, nohukumat tashkilotlari, xalqaro hamkorlar, diplomatik missiyalar va ekspertlar ishtirok etib, Laboratoriyalar akseleratorining missiyasi va maqsadlari, shuningdek, kelgusi davr uchun ish rejasi bilan tanishdilar.
Laboratoriya rivojlanish muammolarini hal qilish uchun milliy va xalqaro hamkorlar bilan yaqin hamkorlikda ishlaydi.