O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Sog‘liqni saqlash vazirligi haydovchilarni “Tez yordam”ga yo‘l berishga chaqiradi

2019-10-08 | Sog‘liqni saqlash

Hayot sinov va tasodiflardan xoli emas. Kutilmaganda ro‘y beradigan baxtsiz hodisalar, favqulodda holatlar yoki kasalliklar xuruj qilganda har qanday inson shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj bo‘ladi.Mamlakatimizda bu yo‘nalishda shakllangan zamonaviy tibbiy yordam tizimi xalqimizga tezkor va malakali tibbiy xizmat ko‘rsatishda muhim omil bo‘layotir. Keyingi yillarda ushbu tizimning moddiy-texnika bazasi takomillashayapti.

Shoshilinch tibbiy yordamning tezkorligi, sifat va samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan ishlar o‘z samarasini bermoqda.Natijada aholining “tez yordam”ga ishonchi ortmoqda. Masalan, joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyida birgina Toshkent shahri miqyosida “tez yordam”ga 750 mingga yaqin chaqiriqlar tushgan. Bu ko‘rsatkich 2018 yilning shu davriga nisbatan 7 foiz ko‘proqdir.

Biroq, davlatimiz tomonidan yaratilayotgan zamonaviy sharoitlarga qaramay, sohada hali qator masalalar ham yo‘q emas. Masalan, ba’zi hollardachaqiriq joyiga “tez yordam”ning kechikib borishi masalasi ana shunday bahsli munozaralardan biridir.Xo‘sh, “tez yordam” nega ba’zida kechikadi?

— Bunga aksariyat holatda yo‘llarda “tez yordam” mashinasiga yo‘l berilmaslik ham sabab bo‘lmoqda, — deydi Shoshilinch va tez tibbiy yordam masalalari bo‘yicha mahalliy koordinator Obidjon Dilmurodov. —Taraqqiy etgan xorijiy davlatlarda “tez yordam”ga yo‘l bo‘shatib berish bo‘yicha haydovchilarda shaxsiy mas’uliyat juda yuqori. Biz esa yo‘llarda ko‘pincha buning aksiga guvoh bo‘lamiz. Mashina chaqiruv signalini yoqib tursa-da bunga parvo qilmaydigan haydovchilar ham yo‘q emas.

Kuni-kecha ro‘y bergan bir voqea bunga misol: Joriy yil 11 sentyabr kuni ertalab soat 07:25 da Toshkent xalqaro aeroportidan Call markazga 60 yoshli kishining sog‘lig‘i yomonlashib, hushidan ketgani haqida chaqiriq tushadi. Bu ma’lumot zudlik bilan Yakkasaroy tumanidagi 10-bo‘limga yetkazilgan. Oradan 1 daqiqa o‘tib, ya’ni, soat 07:26 da “Tez yordam” brigadasi chaqiriq joyiga otlanadi. Biroq, Yakkasaroy to‘yxonasining yonidagiyo‘l tiqilinch bo‘lgani sababli “Tez yordam” 5-6 daqiqa turib qoladi. “Tez yordam” mashinasining chirog‘i yonib, chaqiriq signaliyangrab tursa-da, mashinaga yo‘l berilmaydi.

“Tez yordam” manzilga yetib borganida aeroport shifokorlari bemorga tibbiy yordam ko‘rsatayotgan ekan. “Tez yordam” shifokorlari ham darhol ishga kirishadi. Bemorda o‘pka-yurak reanimatsiyasi muolajalari o‘tkaziladi. Biroq, ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan bemor vafot etadi.

Shu o‘rinda, haydovchilarga murojaat qilib shuni aytmoqchi edikki, qadrli haydovchilar, yoningizda chirog‘i va chaqiruv signalini yoqib kelayotgan “tez yordam” mashinasining ko‘magiga, balki sizning yaqinlaringizdan biri ko‘z tutib turgandir. “Tez yordam” oshiqqan manzil sizning xonadoningiz bo‘lishi ham ehtimoldan xoli emas-ku. Qolaversa, kimningdir farzandi, otasi yoki onasi, joni-jigarining hayoti qil ustida turgan bo‘lishi, siz ozgina himmat qilib, “tez yordam”ga yo‘l bersangiz bir insonning hayotini saqlab qolishdek katta savobga sherik bo‘lishingiz mumkin.

Qadrli haydovchilar, yo‘llarda haydovchilik madaniyati va mas’uliyatini teran his etgan holda harakatlanaylik, xayrli ishlarda hamisha kamarbasta bo‘laylik. “Tez yordam”ga yo‘l berishga odatlanaylik!

Поделиться