O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Iqtisodiy va ijtimoiy investitsiya loyihalarining ijrosi ko‘rib chiqildi

2019-10-08 | Siyosat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-oktabr kuni xorijiy mamlakatlar bilan erishilgan kelishuvlar ijrosi, yangi investitsiyaviy va ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Avval Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikdagi investitsiya loyihalarining ijrosi ko‘rib chiqildi. Joriy yil mart oyida davlatimiz rahbarining ushbu mamlakatga rasmiy tashrifi juda samarali bo‘lgan, erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha aprel oyida “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgandi.

Undan ko‘plab istiqbolli loyihalar o‘rin olgan. 300 million dollar evaziga Samarqand shahri infratuzilmasini rivojlantirish, Navoiy viloyatida 200 million dollarlik shamol va 150 million dollarlik quyosh elektr stantsiyalari qurish, 203 million dollar evaziga Sirdaryo viloyatida sellyuloza, omuxta yem va qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi agrosanoat klasteri tashkil etish loyihalari shular jumlasidandir. 

Mutasaddilar investitsiya o‘zlashtirilishi boshlangan loyihalar ijrosining borishi bo‘yicha hisobot berdi. Shuningdek, neft-gaz, kimyo, energetika, meva-sabzavotlarni qayta ishlash sohalaridagi istiqbolli loyihalar muhokama qilindi. 

Davlatimiz rahbari bu boradagi ishlarning, qurilajak zavod va korxonalarning iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyatiga e’tibor qaratib, ularni tez va puxta amalga oshirish lozimligini ta’kidladi. Yangi loyihalar bo‘yicha muzokaralarni yakunlab, qurilish ishlarini boshlash bo‘yicha tegishli topshiriqlar berdi.

Ma’lumki, joriy yil oxirida Prezidentimizning Yaponiyaga tashrifi rejalashtirilgan bo‘lib, unga tayyorgarlik doirasida Tokio bilan energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish sohalariga doir kelishuvlarga erishilgan. 

Kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish, yapon texnologiyalari asosida elektrostantsiya qurish, suv tozalash va suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish, shahar qatnoviga mo‘ljallangan elektrobuslar ishlab chiqarishga oid loyihalar bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Ushbu oliy darajadagi tashrifga tayyorgarlik hamda Yaponiya bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik holati bo‘yicha ma’lumot berildi.

Yig‘ilishda joriy yil yanvar-sentyabr oylarida eksport va investitsiya prognoz ko‘rsatkichlarining ijrosi holati hamda yil yakuni bo‘yicha ushbu yo‘nalishlarda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan choralar ham ko‘rib chiqildi. To‘qqiz oylikda eksport hajmi qariyb 10 milliard AQSh dollarini tashkil etib, reja oshig‘i bilan bajarilgan. Eksport nomenklaturasi 74 ta yangi turdagi mahsulot, geografiyasi 42 mamlakatga kengaydi. O‘sish sur’ati asosan meva-sabzavotchilik, to‘qimachilik, avtomobilsozlik, energetika tarmoqlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Shu bilan birga, ayrim tashkilot va hududlarda rejalashtirilgan prognoz bajarilmagani ko‘rsatib o‘tildi. Yil yakuniga qadar bu boradagi qoloqlikni bartaraf etish, barcha tarmoqlar va hududlar bo‘yicha eksport prognozini bajarish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Yig‘ilishda Qo‘qon va Marg‘ilon shaharlarini 2020-2022-yillarda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi ham muhokama qilindi. Dasturga muvofiq, Qo‘qon shahrida umumiy qiymati 420 million dollarlik 250 ta, Marg‘ilon shahrida 192 million dollarlik 172 ta loyiha amalga oshirilishi belgilangan. 

Ajratilayotgan investitsiyalar ushbu shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish, ijtimoiy sharoitlarni yaxshilash va yangi turar joylar qurishga yo‘naltiriladi.

Prezidentimiz mazkur uch yo‘nalish Qo‘qon va Marg‘ilonni har tomonlama yangilash, odamlar hayot sifatini oshirishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. 

Toshkent shahrida o‘tkazilgan Turkiy tilli davlatlar Ishbilarmonlari kengashi va biznes-forum yakunlariga ham e’tibor qaratildi. 

Avval berilgan topshiriqlar yuzasidan mutasaddilarning axboroti tinglandi va kelgusida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Поделиться