O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi to‘g‘risida axborot
2019-10-07 | Siyosat
2019-yil 4-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.
Kengash O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisini joriy yil 11-oktabr kuni Toshkent shahrida chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Yalpi majlis kun tartibiga mamlakatimizning yaqin kelajakda rivojlanish yo‘nalishlarini belgilab beruvchi, taraqqiyotining yangi bosqichidagi maqsadlarni amalga oshirishga qaratilgan, barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlarning huquqiy asoslarini mustahkamlash hamda 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosiga yo‘naltirilgan O‘zbekiston Respublikasining bir qator qonunlari kiritilgan.
“Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi, “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi, “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida”gi, “Metsenatlik to‘g‘risida”gi, “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida”gi, “Mudofaa to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari shular jumlasidandir.
Kreditorlarni huquqiy jihatdan himoya qilish kuchaytirilishi hamda tadbirkorlik faoliyatini moliyalashtirish mexanizmlari, ba’zi davlat organlarining, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari va boshqa qonunlar senatorlar tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Senat a’zolari Madaniy o‘zlikni namoyon etish shakllari xilma-xilligini himoya qilish va rag‘batlantirish to‘g‘risidagi Xalqaro konventsiyani (Parij, 2005-yil 20-oktabr) ratifikatsiya qilish masalasini ham muhokama qiladi.
Yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining mamlakatda daraxt va butalarni kesishda qonun hujjatlariga rioya etilishi holati to‘g‘risidagi axboroti, shuningdek Namangan viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisoboti eshitiladi.
Senat a’zolari ota-onalar qarovisiz qolgan va mehribonlik uyida tarbiyalangan yoshlarning jamiyatga ijtimoiy moslashuvidagi dolzarb masalalar, tabiiy gaz quvurlari tizimi holati va ushbu sohaga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovlari yuborish to‘g‘risidagi masalalarni ham muhokama qiladilar.
Oliy Majlis Senati qo‘mitalari va devonining yigirma uchinchi yalpi majlisga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir ishlarini muvofiqlashtirish maqsadida ishchi guruh tuzildi.