O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Issiq suv va issiqlik ta’minotidagi barqarorlik - aholining hayotdan rozi bo‘lishini ta’minlovchi muhim omil

2019-10-07 | Siyosat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4-oktabr kuni aholini uzluksiz issiq suv va issiqlik quvvati bilan ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Bugungi kunda mavjud qozonxonalar va issiqlik tarmoqlarining muayyan qismi eskirgani, ayrimlari foydalanishga yaroqsiz ahvolga kelib qolgani ko‘rsatib o‘tildi. Xususan, mazkur sohaga hozirgacha xorijiy investitsiyalar umuman jalb qilinmagani mavjud imkoniyatlar yetarlicha ishga solinmaganini ko‘rsatadi.  

Yillar davomida texnologik modernizatsiya ishlari amalga oshirilmagani sababli tarmoq daromadining 85 foizi yoqilg‘i-energetikaga sarflanmoqda. Afsuski, tarmoqdagi yo‘qotishlar 35-40 foizga yetgan. Energiya resurslari xarajati va to‘lovlardagi nomutanosiblik oqibatida kreditor va debitor qarzdorlik yuzaga kelmoqda. 

Shu bois Prezidentimiz sohani tubdan isloh qilish, mavjud quvvatlarni yangilash va boshqaruvni takomillashtirish vazifalarini kun tartibiga qo‘ydi.

Sifatli issiqlik ta’minoti tizimini yo‘lga qo‘yish uchun, avvalo, tarmoq korxonalarini modernizatsiya qilish, bunda Avstriya, Daniya, Germaniya, Finlyandiya tajribasi asosida energiya tejamkor hamda ko‘p maqsadli texnologiyalarni keng qo‘llashga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi. 

Ushbu tizimning afzalligi shundaki, katta mablag‘ hisobiga ishlab chiqarilgan issiqlikdan sirkulyar tarzda qayta-qayta foydalansa bo‘ladi. Misol uchun, Toshkent shahri issiqlik ta’minotini shunday “yopiq tizim”ga o‘tkazish yiliga 300 milliard so‘m miqdoridagi 3 million gigakaloriya issiqlik yo‘qotilishining oldini oladi, ayni paytda 160 milliard so‘m hajmidagi 320 million kub metr tabiiy gaz hamda 25 milliard so‘mlik 85 million kilovatt elektr sarfini qisqartirish imkonini beradi.

Yig‘ilishda 12 ta shahardagi 5 mingga yaqin turar joyning markazlashgan issiqlik ta’minotini tiklash va ularni “yopiq tizim”ga o‘tkazish, xususan, Buxoro va Chirchiq shaharlari bo‘yicha tender savdolarini yakunlab, 2020-yilda foydalanishga topshirish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi. 

Shuningdek, kelgusi yili Andijon, Samarqand shaharlari va Sergeli tumani bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish, bunda Jahon bankining 140 million dollar kreditidan samarali foydalanish zarurligi qayd etildi. Yevropa taraqqiyot va tiklanish bankining 150 million dollar krediti hisobidan Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek va Mirobod tumanlarida issiqlik ta’minoti tarmog‘ini modernizatsiya qilish, Buxoro, Farg‘ona, Quvasoy, Urganch va Nukus shaharlarida yangi texnologiyalarni joriy etish loyihasiga Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining 780 million dollar kreditini jalb qilish vazifasi qo‘yildi. Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining 55 million dollar mablag‘i evaziga Angren issiqlik stantsiyasini modernizatsiya qilish bo‘yicha ham topshiriqlar berildi. 

Tarmoqqa bozor mexanizmlarini keng joriy etish orqali sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish muhimligi ta’kidlandi. Buning uchun, avvalo, tariflar erkin bo‘lishi lozim. Shu bois sohaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, kelgusi yildan Toshkent shahri issiqlik ta’minoti tizimiga davlat-xususiy sheriklik korxonalarini jalb etish choralari belgilandi. 

Yo‘qotishlarni bartaraf etish va me’yoridan ortiq iste’molni kamaytirish maqsadida issiqlik energiyasini hisobga olishning avtomatlashgan tizimini joriy etish zarurligi qayd etildi. 

Mamlakatimiz aholisi 119 ta shahar va 11 mingdan ziyod qishloqlardagi qariyb 6 millionga yaqin hovli-joylarda istiqomat qiladi. Ularni kuz-qish mavsumida issiqlik bilan ta’minlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligiga faqat ko‘p xonadonli uylar bilan chegaralanmasdan, barcha aholini issiqlik ta’minoti bilan qamrab olish, bu boradagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Sohada boshqaruv samaradorligini oshirish, faol investitsiyalar jalb etish uchun Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tuzilmasini takomillashtirish, issiqlik ta’minoti korxonalarini alohida aktsiyadorlik jamiyatiga birlashtirish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Bu aktsiyadorlik jamiyati ob'yektlarni ekspluatatsiya qilish bilan birga, yangi loyihalarni shakllantirish, ularga xalqaro moliyaviy tashkilotlar mablag‘larini jalb etish bilan shug‘ullanadi.

Yig‘ilishda ushbu sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning pirovard natijasi xalqimizni rozi qilish, odamlarning turmush darajasi va sifatini yuksaltirish, ularning ishonchini oqlashdan iborat ekani alohida ta’kidlandi. 

O‘tgan davrda berilgan topshiriqlar yuzasidan mutasaddilarning axboroti tinglandi va kelgusida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Поделиться