Transport vazirligida Hindistonning “Delhi International Airport Limited” kompaniyasi moliyaviy direktori Sanjiv Edvard boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Navoiy aeroporti bazasida tashkil etilgan xalqaro intermodal logistika markazining samaradorligini oshirish masalasi muhokama etildi. Sanjiv Edvard Hindiston tomoni yuk va yo‘lovchi tashish jarayonida mamlakatimizning tranzit salohiyatidan keng foydalanish orqali hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanligini ma’lum qildi.
U shuningdek, “DIAL” kompaniyasi Navoiy va Dehli aeroportlarini yuk tashuvlari yo‘nalishida bir-biriga bog‘lovchi tizimni yaratish masalasini ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi.
– Navoiy aeroporti Markaziy Osiyo mintaqasining eng yirik quruqlik portiga aylana olishiga ishonaman. Chunki buning uchun barcha asoslar mavjud, – dedi Sanjiv Edvard. – Kompaniyamiz aviatashuvlar bilan bog‘liq hujjatlar va jarayonlarning IT yechimlarini amaliyotga joriy etish yo‘nalishida ham hamkorlik qilishga tayyor.
Uchrashuv davomida tomonlar aviatsiya sohasida yuk va yo‘lovchi tashish yo‘nalishida alohida ishchi guruhlarini shakllantirib, hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib oldi.