O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Oʻzbekiston – Rossiya ishbilarmonlar kengashining navbatdagi majlisi

2019-10-02 | Iqtisodiyot

Toshkentda 1-oktabr kuni Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenkoning mamlakatimizga tashrifi doirasida Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan Oʻzbekiston – Rossiya ishbilarmonlar kengashining navbatdagi majlisi tashkil etildi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi aʼzolari ishtirok etdi.
 
Majlisda Oʻzbekiston bilan Rossiya oʻrtasida bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish boʻyicha “yashil yoʻlak” tizimi yoʻlga qoʻyilgani, bu oʻz navbatida, yurtimizda yetishtirilayotgan hoʻl va quritilgan meva-sabzovot hamda ishlab chiqarilayotgan tovarlarni Rossiyaning turli hududlariga yetkazish muddatini qisqartirishga, joʻnatilayotgan mahsulot hajmini oshirishga imkon bergani alohida taʼkidlandi. Natijada Rossiya tadbirkorlarining oʻzbekistonlik hamkasblari bilan hamkorlikda ishlashga qiziqishi ortayotir.
 
Oʻzaro foydali hamkorlikning yangi qirralari haqida soʻz borarkan, bunday imkoniyatlar koʻp jihatdan Oʻzbekistonda biznes yuritish sharoiti jiddiy oʻzgargani tufayli yuzaga kelayotgani qayd etildi. Masalan, koʻplab mahsulotlar boʻyicha Oʻzbekistonga olib kiriladigan tovarlar uchun aksiz soligʻi pasaytirildi, bir qator pozitsiyalar boʻyicha bunday soliq butunlay bekor qilindi. Bundan tashqari, milliy valyuta konvertatsiyasi joriy etildi, eksportchilar tomonidan valyutada koʻrilgan foydani majburiy sotish bekor qilindi.
 
Mamlakatimizda erkin iqtisodiy zonalar tashkil etilmoqda, Rossiyaga yetkazib beriladigan meva-sabzavot mahsulotlarini bojxona va fitosanitariya nazoratidan oʻtkazish soddalashtirilishi ham ishbilarmonlik muhiti yaxshilanishiga sabab boʻlyapti. Olib borilayotgan chora-tadbirlar samarasida Oʻzbekistonning eksport salohiyati oʻsib bormoqda.
 
Kun tartibidagi yana bir masala – Oʻzbekiston bilan Rossiya oʻrtasida hududlararo iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish ham ikki mamlakat ishbilarmon doiralari diqqat markazida boʻldi. Oʻzbekistonlik va Rossiya tadbirkorlarining ikki davlat hududlariga tashriflari oʻzaro foydali bir qator loyihalarni ishga tushirish imkonini berdi.
 
Majlisda tadbirkorlarga amaliy koʻmak berish maqsadida ishbilarmonlar kengashlari yoʻnalishida hamkorlikni yanada rivojlantirish lozimligiga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, oʻzaro hamkorlik jarayonida aniq masalalarni hal etishdan tashqari kengashlar kelishilgan majburiyatlar bajarilishini nazorat qiladi va taʼminlaydi. Bu ikki mamlakat manfaatlariga toʻliq javob beradi.
 
Majlisda Oʻzbekiston – Rossiya ishbilarmonlar kengashining oʻtgan yilgi faoliyati yakunlari koʻrib chiqildi, galdagi vazifalar, tashqi savdo hamda ikki mamlakat korxona, tashkilotlari, tarmoqlararo hamkorligining istiqbolli yoʻnalishlari muhokama etildi.
 
Muzokaralar yakunida tomonlar transport xavfsizligini taʼminlash sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisida memorandum hamda Oʻzbekiston Respublikasidan yetkazib berilayotgan mahsulotni Rossiya Federatsiyasi tomonidan qabul qilinishi, bojxona hujjatlari rasmiylashtirilishi va mamlakat hududiga kiritilishini tezlashtirish, natijada Oʻzbekistondan eksport qilinayotgan mahsulotlar hajmini oshirish imkonini beruvchi Chora-tadbirlar rejasi imzolandi.
 

Gʻayrat Xonnazarov, Farhod Abdurasulov (foto), OʻzA

Поделиться