O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Fransiya TIV Davlat kotibi bilan uchrashuv
2019-10-02 | Siyosat
2019-yilning 1-oktabr kuni Fransiyada bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Parij shahrida Fransiya Respublikasining Yevropa va tashqi ishlar vaziri huzuridagi Davlat kotibi Jan-Batiste Lemuan bilan uchrashdi.
Vazir Fransiya tomoniga Prezident Shavkat Mirziyoyevning Prezident Emmanuel Makron nomiga Fransiyaning sobiq Prezidenti Jak Shirakning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirgan maktubni yetkazdi. Qayd etilganidek, Jak Shirak o‘z mamlakatining haqiqiy rahbari edi, zamonaviy fransuz davlati tarixidagi eng muhim davr, Fransiyaning xalqaro maydondagi nufuzi ortishi uning nomi bilan bog‘liq. Prezident Jak Shirak O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik va sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga shaxsan katta hissa qo‘shgani ta’kidlandi.
Davlat kotibi Fransiya tomoni nomidan og‘ir yo‘qotish munosabati bilan samimiy hamdardlik va dalda so‘zlari uchun Prezident Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Fransiya kun tartibidagi qator masalalar muhokama qilindi. 2018-yil oktabr oyida Parij shahrida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayoni doimiy nazoratga olingani va ko‘p qirrali hamkorlikning barcha sohalarida aniq natijalarga erishishdan tomonlar manfaatdor ekanligi ta’kidlandi.
Shuningdek, vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi raundi, Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya majlisi va 2019-2020-yillardagi boshqa ikki tomonlama uchrashuvlar jadvali yuzasidan fikr almashildi.