O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

“E-universitet” - OTM faoliyatini boshqarishni avtomatlashtirishda yangi qadam

2019-09-23 | Ta’lim

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari A.A.Abduhakimov raisligida 2019 yil 21 sentyabr kuni Toshkent davlat pedagogika universitetida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mazkur universitetda joriy etilgan ta’lim, ilmiy va ma’muriy faoliyat jarayonlarini boshqarishni avtomatlashtirishga qaratilgan «E-univesitet» axborot tizimi va «E-minbar» dasturiy platformasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Taqdimot davomida Toshkent davlat pedagogika universitetida ta’lim jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga asosiy e’tibor qaratildi.

Jumladan:

- universitetning ta’lim, ilmiy va ma’muriy faoliyati jarayonlarini boshqarishni avtomatlashtirishga qaratilgan  “E-universitet”” axborot tizimining 15 ta komponentdan iborat tarkibiy tuzilmasi ishlab chiqildi.  Bugungi kunda “E-universitet” axborot tizimining boshlang‘ich 8 ta komponenti dasturiy platforma ko‘rinishida ta’lim jarayoniga joriy qilindi;  
- talabalar va professor-o‘qituvchilarni identifikatsiya qilish tizimi (FingerPrint texnologiyasi asosida) orqali kirish-chiqishini nazorat qilish elektron tizimi Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida tatbiq etilgan axborot tizimlari (E-minbar) tajribasini o‘rganish asosida joriy etildi;
- Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida tatbiq etilgan axborot tizimlaridan Ye-minbar tajribasini o‘rganish  hamda universitetda ayni vaqtga qadar joriy qilinayotgan axborot tizimlarini o‘zaro integratsiya qilish natijasida Smart-auditoriya faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Smart-auditoriya o‘zida FingerPrint, Smart-minbar, multimediya proyektori kabi zamonaviy axborot texnologiyalarini jamlagan tizim.  

FingerPrint texnologiyasi talaba va professor-o‘qituvchilarning barmoq izlarini skanerlash asosida davomatni avtomatik tarzda aniqlaydi hamda markaziy serverda qayd etib boradi. Ushbu elektron qaydlar yordamida guruh va fakultet kesimida joriy sanada mashg‘ulotlarda qatnashmayotgan talabalar, semestr davomida ko‘p dars qoldirgan talabalar to‘g‘risidagi hisobotlar avtomatik tarzda shakllanadi.

Ushbu texnologiya o‘qituvchining dars boshlanishida an’anaviy yo‘qlama (davomat aniqlash) uchun sarflaydigan vaqtini tejash bilan birga fakultet va kafedralardagi mas’ul xodimlarning ish samaradorligini va shaffofligini oshiradi. Shuningdek, professor-o‘qituvchilar va talabalarni ta’lim jarayoniga, mashg‘ulotlarni tashkil etishga alohida mas’uliyat bilan qarashga undaydi.

E-minbar dars materiallarini mavzu bayonidan chalg‘imasdan tushuntirishda yangi texnologiya bo‘lib, o‘qituvchi uchun kerakli bo‘lgan turli ma’lumot va uskunalar bilan jihozlangan. Ovoz kuchaytirish moslamasi o‘qituvchi va namoyish qilinayotgan multimediya materiallari ovozini o‘quvchilarga yaxshi yetib borishini ta’minlaydi.

Darsni bir vaqtda vebinar ko‘rinishida olib borishga mo‘ljallangan konferents-aloqa platformasi darsda qatnashmayotgan talabalarga mashg‘ulotni onlayn tarzda kuzatish va o‘zlashtirish imkonini beradi.

Dars vaqtida ko‘p zarurat tug‘iladigan, masalan proyektor ekranini boshqarish, yoritish chiroqlarini o‘chirish va yoqish, xonadagi pardalarni tushirish va ko‘tarish kabi amallarni o‘qituvchi o‘z joyidan turib touchscreen yordamida amalga oshiradi.

E-minbar dasturiy platformasi professor-o‘qituvchiga o‘zining virtual kabinetidagi ishini tashkil qilish, joriy sana uchun dars jadvali, taqvim-mavzuli (kalendar-tematik) reja, bugungi mavzu va darsga oid boshqa ma’lumotlar bilan tanishish, mashg‘ulot davomida talabalarga mavzu doirasida yanada ko‘proq ma’lumot berishda qulay vosita hisoblanadi.

Univeristetda Belarus davlat pedagogika universiteti bilan qo‘shma ta’lim dasturi asosida tashkil etilgan “Innovatsion pedagogika”    fakultetida ma’ruzalar o‘zaro  tasdiqlangan jadval asosida onlayn (vebinar) shaklda tashkil qilinmoqda. Ma’ruzalarga Belarus davlat pedagogika universitetining yetuk professor-o‘qituvchilari jalb qilingan. Onlayn vebinar mashg‘ulotlar conf.uzcloud.uz maxsus platformasida olib borilmoqda. Ushbu platforma video, ovoz hamda o‘qituvchining kompyuteridagi taqdimotini bir vaqtda translyatsiya qilish, shuningdek vebinarni to‘liq yozib olish imkonini beradi.

Universitetda AKT infrastrukturasini rivojlantirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirildi, jumladan, mavjud  kompyuterlar soni 1272 tani tashkil qiladi va ulardan o‘quv, boshqaruv jarayonlarida samarali foydalaniladi. Universitet axborot resurs markazida 87 ta, talabalar turar joyida 46 ta  kompyuterlar talabalar ixtiyorida. Universitet axborot tizimlarini yuritish uchun jami 9 ta server xizmat ko‘rsatadi.

Qo‘yilgan topshiriq ijrosini ta’minlash yuzasidan shu kunga qadar 115 dona 50” va undan katta o‘lchamli zamonaviy   televizorlar, 9 dona interaktiv doska xarid qilinib, ulardan o‘quv jarayonida multimediya ma’lumotlarini namoyish etish uchun foydalanib kelinmoqda.

Internet tezligi hozirgi vaqtda 160 Mb/s ni tashkil qiladi. Barcha talabalar turar joylari yagona lokal va internet tarmog‘iga ulangan. Talabalar kontingentining ortishi, hamda taqdim etilayotgan onlayn materiallar qamrovining kengayganligi munosabati bilan internet tezligini 200 Mb/s gacha oshirish choralari ko‘rilmoqda.

Tarix va fizika-matematika fakultetlari o‘quv binolarini optik aloqa liniyasi orqali yagona lokal va internet tarmog‘iga ulash, shuningdek mavjud lokal tarmoq qurish uchun “GELIOS LINE TECNOLOGY” xususiy korxonasi bilan 70 294  800 so‘mlik shartnoma tuzildi. Ayni vaqtda montaj ishlari yakuniga yetkazilib, yuqoridagi o‘quv binolaridagi 135 ta foydalanuvchi lokal va internet tarmog‘iga ulanish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

O‘quv binolari va talabalar turar joylarida yagona Wi-Fi tarmog‘ini tashkil qilish uchun qo‘shimcha 50 dona sanoat Wi-Fi qurilmalari harid qilindi va o‘rnatildi. Ushbu qurilmalarning har biri 300 ta foydalanuvchini internet tarmog‘iga ulash imkonini beradi.

O‘quv auditoriyalaridagi tartib-intizom hamda professor-o‘qituvchilar o‘tayotgan mashg‘ulotlarni  bevosita kuzatish va tahlil qilish maqsadida 1-3 o‘quv binolaridagi o‘quv auditoriyalariga jami 270 ta  ovozli kuzatuv kameralari o‘rnatilgan. Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi tomonidan yuqoridagi tizimdan foydalangan holda mashg‘ulotlardagi davomat,  professor-o‘qituvchi va talabalarning darsdagi faolligi tizimli ravishda  o‘rganib, tahlil qilib borilmoqda.  

Universitetda videodars.tdpu.uz - ma’ruza mashg‘ulotlarini video-katalogi yaratilgan. Ushbu katalogga 46 ta videodars joylashtirilgan. 
2019-20 o‘quv yilining birinchi yarim yili yakuniga qadar 200 ta videodarsni tasvirga olish va tizimga joylashtirish rejalashtirilgan.

Yig‘ilish yakunida yuqoridagi aytib o‘tilgan axborot tizimlarini respublika oliy ta’lim muassasalarida joriy etilishi bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Поделиться