O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Suv resurslarini samarali boshqarish va tejash bo‘yicha vazifalar belgilandi
2019-09-20 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-sentabr kuni suv resurslarini boshqarish tizimini isloh qilish va suvdan foydalanish samaradorligini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Ma’lumki, butun dunyoda suv taqchilligi muammosi yildan-yilga kuchayib bormoqda. Mamlakatimizda bu masalaga alohida e’tibor qaratilib, suvdan oqilona foydalanish choralari ko‘rilmoqda. Sohada boshqaruv tizimini takomillashtirish maqsadida Suv xo‘jaligi vazirligi tashkil qilindi.
Davlatimiz rahbari ko‘rsatmalariga muvofiq ishlab chiqilayotgan qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2030 yilgacha mo‘ljallangan strategiyasida ham suvdan foydalanish va uni tejash bo‘yicha dolzarb chora-tadbirlar nazarda tutilgan.
Yig‘ilishda sug‘orishdagi yo‘qotishlarni qisqartirish, ajratilayotgan byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Bugungi kunda 3 million 200 ming gektar yerga 46 milliard kub metr suv sarflanib, uning 60 foizi ekinlarga yetib boryapti, xolos. Chunki jami 180 ming kilometr sug‘orish tarmoqlarining 23 foizi beton qoplamali bo‘lib, ular ham 30-35 yildan buyon deyarli yangilanmagan.
Yana bir sababi ekin maydonlarining 98 foizi eskicha uslubda sug‘orilayotgani, ekinlar nomaqbul joylashtirilayotganidir. Suvdan samarali foydalanish, hisobini yuritish, irrigatsiya tarmoqlarida suv tejovchi yangi texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha hech bir tashkilot talab qo‘ymayapti.
Shu bois hududlarning suv ta’minoti va uni tejash imkoniyatidan kelib chiqib, ekinlarni joylashtirishning takomillashtirilgan tizimini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.
Suv xo‘jaligi vazirligiga Janubiy Koreyaning 7 million dollarlik granti hisobidan 61 ta suv xo‘jaligi ob'yektida suv sarfini onlayn kuzatish imkonini beruvchi “Aqlli suv” tizimini joriy etish vazifasi yuklatildi. Kelgusi yili 120 ta va 2023-yilgacha 300 ta ob'yektda ushbu tizim tatbiq etiladi.
Energetika vazirligiga 1 ming 700 ta nasos stantsiyasini 2020-yil yakunigacha elektr energiya iste’molining avtomatlashgan nazorat tizimiga o‘tkazish topshirig‘i berildi.
Umuman, sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy qilish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Sohada bozor mexanizmlarini tatbiq etish ham zamon talabi. Negaki hozirda hatto yuqori daromad keltiruvchi ekin maydonlari, bog‘lar va tokzorlarga ham suv davlat hisobidan yetkazib berilmoqda.
Shulardan kelib chiqib, 2020-yilda 22 ta tumandagi 50 ta ob'yektni davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sektorga berish zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda suv xo‘jaligida ilm va innovatsiyani jadal rivojlantirish, ishlab chiqarish bilan chambarchas bog‘lash masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Yosh olimlarning ilmiy ishlanmalarini amaliyotga tatbiq etish, talabalarda loyihalash ko‘nikmalarini shakllantirish, xorijiy tajriba va mutaxassislarni jalb qilgan holda tizimga innovatsiyalar kiritish maqsadida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mehanizatsiyalash muhandislari institutida “Loyihalash guruhi”ni tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Barcha yirik loyihalarda ilmiy xodimlar va iqtidorli talabalarni ob'yektlarga biriktirish, ularning xorijda malaka oshirishiga ko‘maklashish hamda ilmiy-innovatsion ishlanmalarni ushbu loyihalar doirasida amaliyotga tatbiq etish lozimligi ta’kidlandi.
Suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy qilish sohadagi eng asosiy vazifadir.
Bunday texnologiyalar samaradorligi Farg‘onadagi bitta fermer misolida tahlil qilinganda, suv sarfi xarajatlari 50 foizga, o‘g‘it 37 foiz, yoqilg‘i 35 foizga qisqargan.
Shu bois keyingi yilda qo‘shimcha 200 ming, 2025-yilgacha 1 million gektar ekin maydoniga suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Bugungi kunda suv xo‘jaligi tashkilotlari tasarrufida 4 mingta sug‘orish qudug‘i mavjud. Bitta quduq 30 gektar maydonga xizmat ko‘rsatib, yiliga 40-50 million so‘mgacha xarajat qilinmoqda. Sug‘orishda quduq suvini odatdagidek ishlatish oqibatida yer osti suvi borgan sari kamaymoqda.
Shuning uchun mutasaddilarga quduq suvlari iste’molchilarini 2020-yilda suv tejovchi texnologiyalar va quyosh panellaridan foydalanishga o‘tkazish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Yana bir masala - hozirda suv ob'yektlarini qurish, rekonstruktsiya va ekspluatatsiya qilish bo‘yicha ham buyurtmachi, ham pudratchi vazifasini bitta idora - Suv xo‘jaligi vazirligi amalga oshirmoqda. Bu esa sog‘lom raqobatga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shu bois 57 ta pudrat korxonasini vazirlik tizimidan chiqarib, alohida aktsiyadorlik jamiyatiga birlashtirish vazifasi qo‘yildi.
Suv iste’molchilari uyushmalari faoliyatini qayta ko‘rib chiqish zarurligi, ular investitsiya, grant va boshqa mablag‘lar jalb qila oladigan, maxsus texnikalarga ega, fermerlarga sifatli xizmat ko‘rsatuvchi professional tuzilma sifatida faoliyat yuritishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar bo‘yicha mutasaddilar hisobot berdi.