O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Prezidenti Rossiya Davlat dumasi raisini qabul qildi
2019-09-17 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16-sentabr kuni Rossiya Federal Majlisining Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin boshchiligida mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan delegatsiyani qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonlarni samimiy qutlar ekan, oliy darajadagi muntazamlik kasb etgan samarali muloqot O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlariga mutlaqo yangi sur’at bag‘ishlash, ularni aniq mazmun bilan boyitishga xizmat qilganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
Shu ma’noda Davlat dumasi yuksak darajali delegatsiyasining ushbu tashrifi ko‘p qirrali hamkorlikni har tomonlama mustahkamlashga ikki tomon ham intilayotganining navbatdagi tasdig‘idir.
Vyacheslav Volodin, o‘z navbatida, samimiy qabul uchun Prezidentimizga chuqur minnatdorlik bildirdi hamda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Uchrashuvda mamlakatlarimiz o‘rtasida siyosiy muloqotni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, ilmiy-texnik, ta’lim, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Faol parlamentlararo muloqotlar va almashinuvlarni, jumladan, O‘zbekiston va Rossiya parlamentlari palatalari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik mexanizmlaridan samarali foydalangan holda davom ettirish muhimligiga alohida e’tibor qaratildi.
Qonun ijodkorligi faoliyatining turli masalalari bo‘yicha yaqin sheriklikni yo‘lga qo‘yish, hududlararo aloqalar va istiqbolli kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, ikki va ko‘p tomonlama kelishuvlar, jumladan, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida qabul qilingan bitimlarni amalga oshirishga ko‘maklashish hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida qayd etildi.
Vyacheslav Volodin O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi keng ko‘lamli hamkorlikni har tomonlama mustahkamlash maqsadida parlamentlararo aloqalarni kengaytirishga intilishi qat’iy ekanini tasdiqladi.
Uchrashuv so‘ngida yuqori martabali mehmon joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy vakillik hokimiyati organlariga saylovlar muvaffaqiyatli o‘tishini tiladi.