O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Innovatsion rivojlanish vaziri “Belarus” yuqori texnologiyalar parki rahbari bilan muzokaralar olib bordi
2019-09-12 | Innovatsiya
Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Аbdurahmonov 11 sentyabr kuni “Belarus” yuqori texnologiyalar parkining Kuzatuv kengashi raisi Vsevolod Yanchevskiy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining Belarus Respublikasiga joriy yilning 31 iyul-1 avgust kunlari amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida Shavkat Mirziyoev “Belarus” yuqori texnologiyalar parki faoliyati bilan tanishib, texnologik hamkorlikni mustahkamlash, kadrlar tayyorlash va tajriba almashish boʼyicha aloqalarni kengaytirish yuzasidan taklifni ilgari surgandi.
2005 yilda tashkil etilgan Belarus Yuqori texnologiyalar parki Markaziy va Sharqiy Yevropadagi eng yirik АT-klasterlarlaridan biri boʼlib, axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yuritayotgan kompaniyalarga imtiyozlar va imkoniyatlar beruvchi majmua hisoblanadi. Uni tashkil etishdan maqsad esa mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirishdir.
I. Аbdurahmonov Davlat rahbarining mazkur texnopark rezidentlari tajribasini yurtimizda tatbiq qilish tashabbuslarini bajarish muhimligini taʼkidladi.
– Belarusciyaning texnoparklar, inkubatorlar, startap loyihalarini amalga oshirish tajribasi Oʼzbekiston uchun oʼrnakdir, – dedi vazir. – Hamkorlikda yuqori texnologiyalariga asoslangan qoʼshma startap loyihalarni amalga oshirish yurtimiz startap ekotizimini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Taʼkidlash joizki, “Belarus” yuqori texnologiyalar parki rezidentlarimiz axborot-kommunikatsion texnologiyalarni eksport qiluvchi, Belarusning oʼzidan yoki xorijdan yangi investitsiyalarni jalb qiluvchi, yangi texnologiyalar va innovatsiyalar yaratuvchi, kichik va istiqbolli loyihalarni rivojlantiruvchi, innovatsion muhitni shakllanishiga hissa qoʼshuvchi kompaniyalardan iboratdir.
V. Yanchevskiy yurtimizda taʼlimga va innovatsion rivojlanishga alohida ahamiyat qaratilayotganiga yuqori baho berdi.
— Dunyoda startap kompaniyalarining atigi oʼn foizigina daromad keltiradi, – dedi V. Yanchevskiy. – Аmmo bizning texnoparkning rezidentlari va startap loyihalarining barchasi hozirda kiritilgan investitsiyadan bir necha oʼn baravar miqdorida daromad bermoqda. Buning sababi startap loyihalarga bizning oʼzgacha yondashuvimiz boʼldi. Biz shunchaki gʼoya bilan kelgan, tajribasiz loyiha mualliflariga emas, balki yirik mahalliy va yetakchi xorijiy kompaniyalarida tajriba orttirgan, oʼz sohasining yetuk mutaxassislari boʼlgan startapchilar moliyalashtirib, ularni qoʼllab-quvvatladik. Natijada birorta loyihamiz muvaffaqiyatsiz boʼlmadi.
Darhaqiqat, bugungi kunda “Belarus” YuTP dasturlash, axborot texnologiyalari, iqtisodiyot tarmoqlari uchun innovatsion yechimlar, konsalting va boshqa yoʼnalishlarda yetakchi markazlardan biriga aylangan. Bu yerda ishlab chiqilgan dasturiy mahsulotlarning 90 foizdan ziyodi eksport qilinmoqda, 67 mamlakat kompaniyalari ularning buyurtmachilari hisoblanadi.
Innovatsion rivojlanish vazirligi robototexnika hamda taʼlim va turizm sohalarida virtual reallik texnologiyasini qoʼllash borasida qoʼshma loyihalar amalga oshirish taklifini ilgari surdi. Tomonlar tez surʼatlar bilan oʼzaro hamkorlik aloqalarini oʼrnatishga kelishdilar.