O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
AKT vaziri Belarus yuqori texnologiyalar parki delegatsiyasi bilan uchrashdi
2019-09-12 | Texnologiyalar
10-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida Belarus yuqori texnologiyalar parki delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 31-iyul — 1-avgust kunlari Belarus davlatiga amalga oshirgan tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etganini ta’kidlab o‘tishdi.
AKT vaziri Shuhrat Sodiqov ushbu tashrif natijasida bugungi kunda ikki mamlakat o‘rtasida raqamli texnologiyalar sohasida sezilarli natijalarga erishilganini qayd etdi. Jumladan, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti tarkibida O‘zbek-Belarus qo‘shma axborot texnologiyalari fakulteti tashkil etilib, unga 2019-2020-yilgi o‘quv mavsumiga 505 nafar talaba qabul qilindi.
Belarus Respublikasi aloqa va axborotlashtirish vazirligi hamda O‘zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi o‘rtasida AKT sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolandi.
Hamkorlik doirasida Belarusning yetakchi kompaniyalari bilan dasturiy mahsulotlar sohasida qator natijalarga va muhim kelishuvlarga erishilgani qayd etildi.
Belarus yuqori texnologiyalar parki direktori Vsevolod Yanchevskiy O‘zbekistonda axborot texnologiyalari sohasi rivojiga qaratilayotgan katta e’tibor va intilishni alohida ta’kidlab, buning mevasi uzoq kuttirmasligini, ayniqsa, ilmga chanqoq yoshlarga ega mamlakat qisqa vaqt ichida AKT sohasida katta yutuqlarga erishish salohiyatiga ega ekanini aytib o‘tdi. Shuningdek, u ikki mamlakatni birlashtirib turuvchi omillarni sanarkan, yuqori texnologiyalar parki hamkorlikka doim ochiqligini, Belarus kompaniyalarida O‘zbekiston bozoriga qiziqish tobora oshib borayotganini qayd etdi.
Uchrashuv davomida ikki tomonlama manfaatli istiqbolli yo‘nalishlar, jumladan, IT-Park faoliyatining iqtisodiy, tashkiliy va huquqiy masalalarida tajriba almashish, venchur fondlarini tashkil qilish, dasturiy mahsulotlar yo‘nalishida hamkorlikni kengaytirish va boshqa muhim masalalar muhokama qilindi.
Mehmonlarga O‘zbekistondagi birinchi dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari parki – IT-Park haqida ham ma’lumot berilib, u Belarus yuqori texnologiyalar parki bilan teng darajada imtiyozlarga ega ekanligi bildirildi.
Yakunda tomonlar muvaffaqiyatli hamkorlik uchun barcha imkoniyat va sharoitlar mavjudligini e’tirof etishdi.
Ma’lumot o‘rnida:
Belarus yuqori texnologiyalar parki 2005-yilda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishga qulay muhit yaratish, shu orqali mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirish maqsadida tashkil etilgan. 2014-yilda unga qator imtiyozlar berilib, faoliyat yo‘nalishlari kengaytirilgan.
Bugungi kunda «Belarus» YTP dasturlash, axborot texnologiyalari, iqtisodiyot tarmoqlari uchun innovatsion yechimlar, konsalting va boshqa yo‘nalishlarda yetakchi markazlardan biriga aylangan. Bu yerda ishlab chiqilgan dasturiy mahsulotlarning 90 foizdan ziyodi eksport qilinmoqda, 67 mamlakat kompaniyalari ularning buyurtmachilari hisoblanadi.