“Oʻzekspomarkaz” milliy koʻrgazmalar majmuida Toshkent global toʻqimachilik kunlari doirasida Xalqaro toʻqimachilik mahsulotlari va moda industriyasi – “UzTextileExpo–2019” va Toshkent toʻqimachilik mashinasozligi – “TTME–2019” koʻrgazmalari ochildi.
“UzTextileExpo–2019” koʻrgazmasi pavilyonlarida oʻndan ortiq davlatdan 160 kompaniya oʻz mahsulotlarini namoyish etayotgan boʻlsa, ularning 60 foizdan ortigʻini mahalliy ishlab chiqaruvchilar tashkil etdi. Tadbirda mamlakatimiz hududlarida faoliyat koʻrsatayotgan paxta-toʻqimachilik klasterlari vakillarining ilk ishtirokini alohida taʼkidlash kerak.
Koʻrgazma ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi Nodir Otajonov, “ITE GROUP” kompaniyasining hududiy direktori Edvard Stroon va boshqalar har bir mamlakatning toʻqimachilik sanoatini rivojlantirishda xalqaro hamkorlik muhim omil ekani va bu borada amalga oshirilgan chora-tadbirlar tarmoq ravnaqiga xizmat qilishini taʼkidladi.
Koʻrgazmada xorijlik soha vakillari qatorida yurtimiz toʻqimachilik korxonalari ishbilarmonlari ham faol qatnashmoqda. Poytaxtimizdagi “Zilol tekstil” korxonasi ulardan biri.
– Korxonamiz mahsulotlarining 90 foizi eksportga, 10 foizi esa ichki bozorga yoʻnaltirilgan, – dedi korxona direktori oʻrinbosari Alimardon Yoʻldoshev. – Oʻn yillik faoliyatimiz davomida juda koʻplab yutuqlarga erishdik. Bugungi kunda mahsulotlarimiz Oʻrta Osiyo, Rossiya, Ukraina kabi qator davlatlarga eksport qilinmoqda.
– Oʻzbekistonda oʻtkazilayotgan shu yoʻnalishdagi koʻrgazmalarda uchinchi bor qatnashmoqdamiz, – dedi Xitoydagi “Suzhou rhz textile texnology co.,ltd” kompaniyasi direktori Say Sin Fey xonim. – Ishlab chiqaruvchilarga ipak tolalarini yetkazib beramiz. Natija yomon emas. Bunday tadbirlar sabab mahsulotlarimizga xaridorlar koʻpaymoqda. Korxona yigirma yillik faoliyatga ega. Bugungi kunda uning 250 dan oshiq ishchi-xodimlari bor. Kompaniyamiz koʻplab xorijiy davlatlarda tashkil etilgan koʻrgazmalar ishtirokchisi. Niyatimiz Toshkentda ham kompaniyamiz ofisini ochish.
“TTME–2019” koʻrgazmasi ham ishtirokchilar bilan gavjum. Unda Xitoy, Janubiy Koreya, Polsha, Portugaliya, Turkiya, Yaponiya, Rossiya singari mamlakatlarning zamonaviy toʻqimachilik va tikuv uskunalari namoyish etilmoqda.
– Oʻzim Turkiya fuqarosiman, lekin Oʻzbekistonda yashayman, – dedi Nozim Savim. – Turkiyada Italiyadagi “Leadsfon” kompaniyasining vakolatxonasi faoliyat yuritadi. Aynan shu vakolatxonaning Oʻzbekistonda ham idorasi mavjud. Biz shu kunga qadar 100 dan ortiq Xitoy toʻquv uskunasini oʻzbekistonlik xaridorlarga yetkazib berganmiz. Bugungi koʻrgazmada zamonaviy toʻquv dastgohini namoyish qilayapmiz.
Koʻrgazmalar 13-sentyabrga qadar oʻz ishini davom ettiradi.
Nasiba ZIYODULLAYEVA, OʻzA