O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilishning huquqiy va institutsional tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

2019-09-12 | Hujjatlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 24-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-4126-son qarorini samarali amalga oshirish maqsadida:

1. Vazirlar Mahkamasining iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish sohasida yagona davlat siyosatini hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirishni amalga oshiruvchi vakolatli davlat organi hisoblanuvchi O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish Agentligini (keyingi o‘rinlarda - Agentlik) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin, quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari etib belgilansin:

iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amaliy ijrosini ta’minlash;

iste’molchilarning tovarlar (ishlar, xizmatlar), ularning ishlab chiqaruvchisi, ijrochisi va sotuvchisi to‘g‘risidagi haqqoniy va to‘liq ma’lumotlarni, shu jumladan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan holda olish imkoniyatlarini ta’minlash;

aholining iste’molchilik bilimi va savodxonligini oshirishga qaratilgan dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

iste’molchilarga ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishda yordam ko‘rsatish;

iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish, shuningdek, tovarlar (ishlar, xizmatlar) xavfsizligi va ularning sifatini nazorat qilish sohasida hamkorlik qilish;

iste’molchilar huquqi buzilishi sabablarini tahlil qilish, ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar tayyorlash hamda iste’molchilar huquqi buzilishi holatlarining oldini olish;

tadbirkorlik va iste’molchilik madaniyatini takomillashtirish, reklama sohasida nohalol raqobatga va noto‘g‘ri reklamaning yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida reklama bozorini tartibga solish;

iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish sohasida fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qilish;

iste’mol bozorini, davlat tomonidan narx-navosi tartibga solinadigan tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) narxlarning dinamikasi va narx shakllanishi mexanizmlarini o‘rganish;

iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish masalalari bo‘yicha xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish.

2. Quyidagilar:

Agentlikning markaziy apparati boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 38 nafardan iborat tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

2019-2020-yillarda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish sohasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining (keyingi o‘rinlarda - Qo‘mita) hududiy boshqarmalariga ularning tashkiliy tuzilmasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama faoliyatini tartibga solish boshqarmalarini tashkil etish uchun qo‘shimcha 142 nafar shtat birligi ajratilsin.

Belgilansinki, Agentlik va Qo‘mita hududiy boshqarmalarining iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama faoliyatini tartibga solish boshqarmalari shtat birliklari 2019-yilda tegishli vazirlik va idoralar, shu jumladan, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarini maqbullashtirish hisobidan jamlanadi.

4. Agentlikka quyidagi huquqlar berilsin:

a) chakana savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida tovarlar va xizmatlarning nazorat xaridini o‘tkazish, ularni iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga mosligi jihatidan ekspertizadan (testdan) o‘tkazilishini tashkil qilish;

b) iste’molchilardan ariza va shikoyatlar tushgan hollarda iste’molchilar huquqlariga rioya qilinishini o‘rganish;

v) iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishi holatlari mavjud bo‘lganda, tadbirkorlik sub'yektlarida (moliyaviy-xo‘jalik faoliyatiga aralashmagan holda) tekshirishlar o‘tkazish;

g) iste’molchilarga tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yaroqlilik muddati, saqlash va xizmat ko‘rsatish muddatini buzgan holda realizatsiya qilish holati aniqlanganda:

o‘z vakolatlari doirasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish
va reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishi holatlarini bartaraf etish yuzasidan davlat organlariga, mulkchilik shaklidan qat’iy nazar, tashkilot, muassasa va korxonalarga, shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlarga bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar kiritish;

iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishi alomatlari aniqlanganda materiallarni vakolatli organlarga, shuningdek, tegishli faoliyatni amalga oshirish uchun berilgan litsenziyaning (ruxsat beruvchi hujjatlarning) amal qilishini to‘xtatib turish, tugatish (bekor qilish) to‘g‘risidagi masalasini hal etish uchun tegishli organlar va tashkilotlarga yuborish;

iste’molchilarning nomuayyan doirasi huquqlarini va manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, iste’molchilar huquqlarini buzgan shaxslarga nisbatan huquqiy ta’sir ko‘rsatish choralarini qo‘llash uchun sudlarga arizalar bilan murojaat qilish;

d) davriy bosma nashrlar, kitob mahsulotlari nazorat nusxalari, tele va radiodasturlar efirlarida joylashtirilgan hujjatli materiallar, reklamani tayyorlash, joylashtirish va tarqatishga oid materiallarni bepul olish.

Agentlik va Qo‘mitaning hududiy boshqarmalari zimmasiga yuklatilgan vazifalarga muvofiq sudlarga ko‘rib chiqish uchun kiritiladigan da’volar bo‘yicha davlat boji to‘lashdan ozod qilinsin.

5. Belgilansinki:

Agentlik ta’minoti O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;

iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish haqida Agentlik vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlar vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, mansabdor shaxslar, shuningdek, fuqarolar hamda mulkchilik shakli va idoraviy mansubligidan qat’iy nazar, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar tomonidan ijro etish uchun majburiydir;

vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, mansabdor shaxslar, shuningdek, mulkchilik shakli va idoraviy mansubligidan qat’iy nazar, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar Agentlikning talabiga binoan unga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun zarur ma’lumotlarni taqdim etishlari shart;

Agentlik tugatilgan O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish yo‘nalishidagi barcha huquqlari va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

Agentlikka Qo‘mita raisining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan
va lavozimidan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi;

Agentlik direktorining o‘rinbosari Qo‘mita raisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;

Agentlik direktori mehnatga haq to‘lash, tibbiy va transport xizmatlaridan foydalanish sharoitlariga ko‘ra vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi;

Agentlik xodimlariga nisbatan Qo‘mita xodimlari uchun nazarda tutilgan mehnatga haq to‘lash shartlari va tibbiy xizmat ko‘rsatish tartibi qo‘llaniladi.

6. Agentlik direktoriga Qo‘mita raisi bilan kelishilgan holda:

zarur hollarda, Agentlik markaziy apparatining tasdiqlangan tuzilmasiga Agentlik boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritish;

Agentlik boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida Qo‘mitaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy boshqarmalarining iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama faoliyatini tartibga solish boshqarmalari tuzilmasi va boshqaruv xodimlarining cheklangan soni bo‘yicha takliflar kiritish;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda Qo‘mitaning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan ish haqi miqdori hamda boshqa to‘lovlarni belgilash orqali malakali mahalliy va xorijiy mutaxassislarni xodim va maslahatchi sifatida jalb qilish;

Agentlik xodimlari uchun, qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa to‘lovlardan qat’iy nazar, Qo‘mitaning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan, ular egallagan asosiy lavozimi bo‘yicha lavozim maoshlariga (tarif stavkalariga) ustamalar va boshqa rag‘batlantiruvchi to‘lovlar belgilash.

7. O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi
va Agentlik:

a) O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va “O‘zstandart” agentligi bilan birgalikda 2020-yil 1-fevralga qadar “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin, unda nodavlat notijorat tashkilotlari huquqlarini, iste’molchilar huquqlarining buzilishi holatlari aniqlanganda Agentlikning ushbu tashkilotlar bilan hamkorligini, tovarlar (ishlar, xizmatlar) mustaqil ekspertizasini o‘tkazish mexanizmini nazarda tutsin;

b) O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarning ushbu Farmonga muvofiqlashtirilishini ta’minlasin.

8. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A.G‘ulomov zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                       Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2019-yil 11-sentabr

Поделиться