O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston delegatsiyasi BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi sessiyasida

2019-09-11 | Jamiyat

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Jenevada bo‘lib o‘tayotgan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 42-sessiyasida ishtirok etmoqda.

Sessiya ishida 190 dan ziyod mamlakat delegatsiyalari qatnashmoqda. Ishtirokchilar orasida tashqi ishlar va adliya vazirlari, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar rahbarlari, parlamentlar a’zolari, diplomatlar, akademik va ekspertlar doiralari, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bor.
 
BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Mishel Bachelet 9 sentabr – sessiyaning ochilish kunidagi nutqida insoniyatni iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq salbiy omillardan qutqarishga chaqirdi. Shuningdek, global isish oqibatlari og‘ir halokatlarga olib kelishidan ogohlantirdi.
 
M.Bacheletning ta’kidlashicha, iqlim o‘zgarishi – inson huquqlariga qarshi global tahdiddir. Bu muammo hammaga birdek taalluqli bo‘lib, yangi iqtisodiy-ijtimoiy larzalarga, qurolli mojarolar sonining ortishiga, aholining ko‘chishi va hatto o‘lim holatlarining keskin ko‘payishiga olib keladi.
 
Inson huquqlari bo‘yicha kengashning 42-sessiyasi 27 sentabrgacha davom etadi. Unda Yaman, Burundi, Myanma, Suriya, Ukraina, Gruziya kabi ko‘plab mamlakatlardagi inson huquqlariga doir ma’ruzalar tinglanadi. Ishtirokchilar 90 ta mavzuli ma’ruza, shuningdek, alohida mamlakatlardagi bu borada mavjud vaziyat bilan bog‘liq hisobotlarni ko‘rib chiqadi.
 
Sessiyaning birinchi kuni O‘zbekiston delegatsiyasi, tashkilotchilarning taklifiga binoan, XXR va Tukmaniston tomonlari o‘tkazgan tadbirlarda ham ishtirok etdi.
 
Xitoy tomoni keyingi 70 yilda mamlakat inson huquqlari sohasida erishgan yutuqlar haqida ko‘rgazma tashkil etdi. Unda sanoat, qishloq xo‘jaligi va infratuzilma taraqqiyoti natijalari, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlaridagi islohotlar, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniyat sohasiga doir huquqlarni ta’minlash borasidagi amaliy chora-tadbirlarning samaralari aks etgan fotosuratlar hamda infografika lavhalari namoyish qilindi.
 
Turkmanistonning BMTdagi Doimiy vakolatxonasi joriy yilning 20-21 noyabr kunlari Ashxobod shahrida BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyotlari uchun maxsus dasturi (SPEKA) doirasida bo‘lib o‘tadigan Iqtisodiy forumga bag‘ishlab yig‘ilish o‘tkazdi. Bo‘lajak Forum mintaqada barqaror taraqqiyotni ta’minlash maqsadida savdo va transport tizimidagi amaliyotlarni soddalashtirish mavzusiga bag‘ishlanadi.
 
Yig‘ilishda O‘zbekiston delegatsiyasi Turkmaniston tomonining raislik qiluvchi sifatida bu borada amalga oshirayotgan sa’y-harakatlarini ma’qulladi. Dastur doirasidagi chora-tadbirlarning samarador ekani qayd etildi.
 
Yig‘ilish ishtirokchilari shu yil 11-13 sentabr kunlari Toshkent shahrida SPEKAning suv resurslari, energetika va atrof muhit muammolari bo‘yicha ishchi guruhining 23-sessiyasi o‘tkazlishini ham qutladilar.
 
Ayni vaqtda 2021-2023 yillarga BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga hamda Parlamentlararo ittifoqning Ijroiya qo‘mitasiga saylanishi uchun O‘zbekistonning nomzodini ilgari surish jarayonlari bormoqda. Ushbu jarayonlar doirasida, shuningdek, mamlakat Oliy Majlisiga bo‘lib o‘tadigan saylovlar haqida xalqaro jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida O‘zbekiston delegatsiyasi 42-sessiyaning dastlabki kuni bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
 
Xususan, Hindiston Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari V.T.Singx, XXR Davlat kengashining Inson huquqlari bo‘yicha byurosi direktori L.Guanjin, Islom hamkorlik tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha doimiy komissiyasining Ijrochi direktori M.But bilan muzokaralar tashkil etildi. Mazkur uchrashuvlar davomida joriy yilning oktabr oyida Yoshlar huquqlari bo‘yicha Toshkent seminarini o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar ham muhokama qilindi.
 
Bundan tashqari O‘zbekiston delegatsiyasi bilan Rossiya, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Armanistonning BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari rahbarlarining uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.
 
Ma’lumot uchun: BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi tarkibiga 47 ta davlat kiradi. Kengash BMTning 2005 yildagi Sammiti qarorlari asosida xuddi shu nomdagi komissiyaning o‘rnida tuzilgan. Mazkur Kengash – BMT Bosh Assambleyasining organi bo‘lib, o‘z majlislarini muntazam ravishda, yiliga kamida uch marta o‘tkazadi. Shuningdek, Kengash favqulodda sessiyalar o‘tkazishi ham mumkin. 

Поделиться