O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Jaholatga qarshi ma’rifat bilan
2019-09-11 | Jamiyat
Bu so‘z, bu g‘oya, bu chaqiriq bugun har bir vatandoshimiz qalbidan chuqur joy olib, jahon hamjamiyatining qarashlarida ham o‘z o‘rnini topdi. Aynan shu tashabbusni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Birlashgan millatlar tashkilotida O‘zbekiston tomonidan taklif etilgan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasi qabul qilindi...
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. M. Mirziyoyevning 2019 yil 4 sentyabrdagi «Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi № PQ-4436-sonli Qarori qabul qilindi. Mazkur qarorda diniy-ma’rifiy sohani yanada takomillashtirish, jamiyatda “jaholatga qarshi ma’rifat” degan ulug‘vor g‘oya asosida dinning insonparvarlik, ezgulik va tinchlik kabi fazilatlarini hamda diniy bag‘rikenglik ruhini keng targ‘ib qilish, shuningdek, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligi va qonun ustuvoriligini ta’minlash kabi bir qator vazifalar alohida qayd etilgan. Ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida 2019 yil 9 sentyabr kuni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi anjumanlar zalida “Jaholatga qarshi ma’rifat” rukni ostida “Davlat va din” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbirda Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Respublika “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, IIVning Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi, Toshkent shahar IIBBning Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash bo‘limi vakillari, taniqli imomlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi. Mazkur tadbirda O‘zbekistonda davlatning din va diniy tashkilotlar bilan o‘zaro munosabati, islom dinining tinchlikparvarlik mohiyati hamda islom dinida mutaassiblik va jaholatning qoralanishi, “jaholatga qarshi ma’rifat” bilan kurashish g‘oyasining ahamiyati, ekstremizm g‘oyalari ta’siriga tushib qolgan, to‘g‘ri yo‘ldan adashgan fuqarolarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish kabi bugungi kunning bir qator dolzarb masalalari ilmiy-amaliy ravishda tahlil qilindi.
Xorijiy ekspertlar, turli diniy tashkilot vakillari, dinshunos va sharqshunos olimlar ishtirok etgan tadbir doirasida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining Ilmiy tadqiqotlar va innovatsion loyihalar markazi tomonidan puxta tahlillar asosida tayyorlangan “Jaholatga qarshi ma’rifat” o‘quv qo‘llanmasining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Qayd etish lozimki, mazkur qo‘llanmada millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikning mohiyati, mutaassiblik, ekstremizm hamda terrorizmning salbiy jihatlari keng qamrovli ma’lumotlar va dalillar orqali atroflicha bayon qilingan. Shu bilan bir qatorda, islom niqobi ostida faoliyat ko‘rsatayotgan buzg‘unchi oqim va harakatlarning yuzaga kelish tarixi, ularning maqsadi, g‘oyaviy-aqidaviy asoslari, moliyaviy manbalari, faoliyat uslublari va g‘ayriislomiy mohiyati alohida bandlar asosida ochib berilgan.
Ushbu davra suhbati va kitoblar taqdimoti mamlakat va xalq osoyishtaligini saqlash, jamiyat rivoji, barqarorlik, tinchlik va taraqqiyotni ta’minlashda tadqiqotchi olimlar, ziyolilar va talabalar, yoshlar, keng jamoatchilik vakillari orasida turli buzg‘unchi g‘oyalar, aqidaparastlik, radikalizm va boshqa salbiy oqibatlarga olib keluvchi omillardan ogoh etish, ularga qarshi kurashish hamda yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolmaslik borasida katta saboq berishi bilan ahamiyatlidir.