O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
2020-yil 1-yanvardan dorixonalarda videokameralar o‘rnatiladi
2019-09-10 | Sog‘liqni saqlash
Inson salomatligini muhofazalashda zamonaviy tibbiy yordam bilan bir qatorda, aholi va tibbiyot muassasalarini sifatli dori-darmon bilan ta’minlash muhim omil hisoblanadi. Bugungi kunda mamlakatimizda o‘n ikki yarim mingga yaqin dorixonalar aholiga bu yo‘nalishda xizmat ko‘rsatmoqda. Ushbu dorixonalarning qariyb yigirma foizi ijtimoiy dorixonalardir.
Prezidentimizning 2019-yil 6-sentabrda qabul qilingan “Dori vositalari noqonuniy aylanishining oldini olish choralarini kuchaytirish to‘g‘risida”gi qarori aholi salomatligini asrash va dori-darmon ta’minotini yanada yaxshilashda muhim qadam bo‘ldi.
Mazkur qarorda dori vositalari noqonuniy savdosining oldini olish, shifokor retsepti bo‘yicha beriladigan dori vositalari va tibbiy buyumlar, shu jumladan, kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga kiritilgan dori vositalarining chakana savdosini tartibga solish, dorixonalarning faoliyatini yanda takomillashtirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilangan.
Xususan, 2020-yil 1-yanvardan boshlab qishloq oilaviy poliklinikalari va qishloq vrachlik punktlari hududida joylashgan dorixonalar va ularning filiallaridan tashqari barcha dorixonalarda dori vositalari va tibbiy buyumlarning realizatsiya (berish) jarayonini uzluksiz ravishda videoga yozib olish va bir oy davomida video-yozuvlarni saqlash tartibi joriy etiladi. Bu mexanizm qat’iy ishlashi uchun yangicha tartib dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilishdagi litsenziya talabi etib belgilandi.
Agar dorixonalarda mazkur talab muntazam ravishda (bir yil davomida ikki va undan ortiq marta) buzilsa, bu holat litsenziyaning amal qilishini o‘rnatilgan tartibda tugatish uchun asos bo‘ladi.
Ayni paytda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tegishli davlat va nodavlat tashkilotlar, agentliklar, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda qonunchiligimizga kiritilgan mazkur yangi-tartib tamoyillarni aholi va tegishli soha xodimlari orasida muntazam targ‘ib etish, dori vositalari, shu jumladan, tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini shifokor retseptisiz iste’mol qilishning salbiy oqibatlari va umuman sog‘lom turmush tarzi yuzasidan targ‘ibot-tashviqot ishlarini tizimli tashkil etish maqsadida maxsus media-reja ishlab chiqilmoqda.