Osiyo paxtachilik tadqiqot va taraqqiyot tarmogʻi yigʻilishi ishtirokchi davlatlar manfaatini himoya qiladi
9-sentabr kuni poytaxtimizda Toshkent global toʻqimachilik kunlari doirasida Osiyo paxtachilik tadqiqot va taraqqiyot tarmogʻi yigʻilishi oʻz ishini boshladi.
“Oʻztoʻqimachiliksanoat“ uyushmasi, “Iteca Exhibitions” xalqaro koʻrgazmalar kompaniyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi, shuningdek, bir qator xalqaro tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan Toshkent global toʻqimachilik kunlari doirasidagi tadbirlarda mamlakatimizda toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish va uning eksport salohiyatini oshirishga asosiy eʼtibor qaratiladi.
Paxta boʻyicha xalqaro maslahat qoʻmitasi yetakchiligida oʻtkazilgan Osiyo paxtachilik tadqiqot va taraqqiyot tarmogʻi yigʻilishida dunyoning 8 davlatidan ishtirok etgan olim va ekspertlar sohadagi eng ilgʻor yutuqlar haqida maʼlumot berar ekan, unda aynan paxtani Osiyo davlatlari sharoitida eng kam zarar bilan yetishtirish, bio-paxta, urugʻchilik va seleksiya, sugʻorish sistemalarining nazariy-amaliy ahamiyatiga eʼtibor qaratdi.
– Yigʻilishning asosiy maqsadi tashkilotga aʼzo boʻlgan davlatlarning sohada qilinayotgan ishlari, yangilik va yutuqlarini oʻrganish va xalqaro hamjamiyatga yetkazish hamda amaliyotga tatbiq etishdir, – dedi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi genomika va bioinformatika markazi katta ilmiy xodimi Mahkam Abdusalomov. – Keyingi oʻn besh yil ichida mamlakatimiz paxtachiligida molekulyar genetika va gen muhandislik boʻyicha qator ishlar qilindi. Xususan, Oʻzbekiston paxtachiligi oʻzining xilma-xil liniya va nav namunalari borasida dunyoda yetakchilik qiladi. Aynan genetik xilma-xil boʻlgan gʻoʻzaning liniya va nav namunalarining zamonaviy DNK markellar texnologiyasida oʻzbek olimi, akademik Ibrohim Abdurahmonov gʻoʻza xilma-xilligini Oʻzbekiston va Meksika muhitida tola sifat belgilarini oʻrganib, ularning genomdagi hududlarini aniqlagan. Bu bizga nima beradi? Avvalo, paxtadagi qimmatli tola sifat belgilarining genomdagi hududning aniqlanishi, avtomatik ravishda, tezkorlik bilan seleksiya davomida boshqarish imkoniyatini beradi. Shunday natijalar bugun “Ravnaq-1“, “Ravnaq-2“ kabi sifatli tolali yangi navlarni yaratish va amaliyotga tatbiq etishga turtki boʻldi.
Taʼkidlash kerakki, Paxta boʻyicha xalqaro maslahat qoʻmitasi 1939-yil sentyabr oyidan boshlab Vashingtonda oʻz faoliyatini boshlagan. Bugun kunda Oʻzbekiston ham uning Argentina, Avstraliya, Braziliya, Burkina Faso, Kamerun, Hindiston, Qozogʻiston, Keniya, Koreya Respublikasi, Rossiya, AQSH, Shveysariya, Tayvan, Turkiya kabi aʼzo mamlakatlari qatoridan joy olgan. Ushbu qoʻmita paxta va paxta mahsulotlarining xalqaro tovar idorasi sifatida faoliyat koʻrsatadi.
– Bugungi yigʻilishdagi fikr-mulohazalar, maʼlumotlar barcha ishtirokchilar, xususan, Oʻzbekistonda paxtachilik ravnaqi yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlar uchun foydalidir, – dedi Singapurning “Indorama” kompaniyasi direktori Prakash Kejrival. – Shu maʼnoda, bizning faoliyatimiz ham yurtingizdagi jarayonlar bilan bogʻliq. Kompaniyamiz 2010-yildan Oʻzbekistonga investitsiya kiritib kelmoqda. Yaqin kunlarda Qoʻqon shahrida paxta sanoatini rivojlantirish uchun investitsiya kiritishni rejalashtirganmiz. Hozir Qoʻqonda bizning mahalliy xodimlarimiz mehnat qilmoqda. Tashkil etiladigan korxonada paxta qayta ishlanadi va eksportga yoʻnaltiriladi. Shu bilan birga, paxtachilikka ixtisoslashgan klasterlar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ham harakatlar boshlangan. Bunda Sirdaryo va Qashqadaryo viloyatlarida besh ming gektar maydonda yangi texnologiyalar asosida paxta yetishtirish va qayta ishlashni amalga oshirmoqchimiz.
Nasiba ZIYODULLAYEVA, OʻzA muxbiri