O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston vakili Xalqaro irrigatsiya va drenaj komissiyasi vitse-prezidentligiga saylandi
2019-09-09 | Jamiyat
2019-yilning 1-7-sentabr kunlari Indoneziyaning Bali orolida III Jahon irrigatsiya forumi hamda Xalqaro irrigatsiya va drenaj komissiyasi (XIDK)ning 70-Xalqaro ijroiya kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistondan Suv xo‘jaligi vaziri, Irrigatsiya va drenaj milliy qo‘mitasi raisi Sh.Xamrayev boshchiligidagi delegatsiya qatnashdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi mazkur tadbirlarda faol ishtirok etib, qator xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi, shuningdek, Indoneziyaning suv resurslarini boshqarish tajribasi bilan tanishdi.
Xalqaro irrigatsiya va drenaj komissiyasining bu yilgi anjumani “Raqobat sharoitida suv va oziq-ovqat xavfsizligini yaxshilash” shiori ostida o‘tdi. Unda dunyoning 50 dan ortiq mamlakatidan delegatsiyalar, xalqaro va nodavlat tashkilotlar, xalqaro moliya va tadqiqot institutlaridan vakillar, irrigatsiya va suv resurslari sohasida olimlar va mutaxassislar ishtirok etdi. Tashkiliy qo‘mitaning ma’lum qilishicha, tadbirlarda 1500 nafarga yaqin ishtirokchi qatnashdi.
XIDKning 70-Xalqaro ijroiya kengashi yig‘ilishida tashkilot faoliyati va milliy qo‘mitalar bilan bog‘liq tashkiliy va texnik masalalar ko‘rib chiqildi. Shuningdek, 2019-2022-yillar davrida XIDK rahbar lavozimlariga saylov o‘tkazildi.
XIDK prezidenti F.Reynards 2019-2022-yillar davrida tashkilot vitse-prezidenti lavozimiga O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Sh.Xamrayev nomzodini ilgari surdi. U O‘zbekistonda irrigatsiyani rivojlantirish va yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, sug‘orishda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganiga e’tibor qaratar ekan, Sh.Xamrayev irrigatsiya va drenaj sohasida hamda transchegaraviy muammolarning yechimini topishda katta tajribaga ega ekanligini ta’kidladi.
XIDKga a’zo mamlakatlar milliy komissiyalari vakillari va delegatlar Sh.Xamrayevning nomzodini bir ovozdan ma’qulladilar. Shuningdek, misrlik professor Xasem Mustafo Muxammad va indoneziyalik professor Muhammad Amron ushbu davrga vitse-prezident etib saylandi. XIDK tuzilmasida jami 9 nafar vitse-prezident faoliyat yuritadi.
Tadbir yakunida Xalqaro irrigatsiya va drenaj komissiyasining 71-Xalqaro ijroiya kengashi yig‘ilishini 2020-yilning oktyabr oyida Avstraliyaning Sidney shahrida, IV Jahon irrigatsiya forumini va 73-Xalqaro ijroiya kengashi yig‘ilishini 2022-yilda Xitoy Xalq Respublikasining Pekin shahrida o‘tkazishga kelishib olindi.