O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Xalqaro hunarmandchilik festivali mehmonlarni kutmoqda

2019-09-09 | Madaniyat

10-15 sentabr kunlari Qo‘qon shahrida ilk bor Xalqaro hunarmandchilik festivali bo‘lib o‘tadi. Tadbir davlatimiz rahbarining 2018 yil 1 noyabrdagi “Xalqaro hunarmandchilik festivalini o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilmoqda.

Mazkur nufuzli anjuman xalqimizning qadimiy tarixi va madaniy hayotini har tomonlama keng yoritish, nomoddiy madaniy merosimiz bo‘lgan ko‘p qirrali o‘zbek milliy hunarmandchiligini keng namoyish qilish, uning noyob namunalarini targ‘ib etish, shuningdek, ushbu yo‘nalishda o‘zaro tajriba almashish orqali turli xalqlar o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik rishtalarini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyatga egadir. Qo‘qon shahrida festivalga katta tayyorgarlik ishlari olib borildi. Festivalda xorijiy davlatlardan mahoratli hunarmandlar, amaliy san’at ustalari, mutaxassislari, soha olimlari va faxriy mehmonlar ishtirok etadi.

Dasturga ko‘ra, O‘rda maydonida festivalning rasmiy ochilish va yopilish marosimlari, mahalliy va xorijiy hunarmandlarning mahsulotlari ko‘rgazma-savdosi hamda xalq sayllari, qo‘g‘irchoqbozlik, dorbozlar va folklor jamoalari, viloyatlar madaniyat boshqarmalari tomonidan tayyorlangan kontsert dasturlari namoyishlari, osh tanlovlari o‘tkaziladi. 

O‘rda maydonida, shuningdek, Rishton, G‘ijduvon, Urgut, Toshkent, Kattabog‘, Madir, Samarqand, G‘urumsaroy, Oltinko‘l, Shahrisabz kulolchilik maktablari namoyandalari tomonidan mahorat darslari namoyishi va treninglar tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Festival dasturida, shuningdek, Jome majmuasida O‘zbekiston xalq ustasi, yog‘och o‘ymakori Muhammadali Yunusovning ijodiga bag‘ishlangan ko‘rgazma, Dasturxonchi madrasasida taqdimot va ko‘rgazmalar, Qo‘qon musiqali drama teatrida spektakllar namoyishi kabi 50 dan ortiq qiziqarli tadbirlar o‘tkazilishi nazarda tutilgan.

Xalqaro hay’at tomonidan ko‘rik-tanlov ishtirokchilarining mahsulotlari ko‘rgazmasi va mahorat darslari 5 ta nominatsiya bo‘yicha baholanadi.

Festival doirasida o‘tkaziladigan ko‘rik-tanlov g‘oliblari diplom, haykalcha va quyidagi miqdorda pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:

“Eng yaxshi hunarmand” nominatsiyasi bo‘yicha - 15 000 AQSh dollari;

“Eng yosh hunarmand” nominatsiyasi bo‘yicha - 10 000 AQSh dollari;

“Eng yaxshi hunarmandchilik maktabi ustasi” nominatsiyasi bo‘yicha - 10 000 AQSh dollari;

“Qadimiy sulola davomchisi” nominatsiyasi bo‘yicha - 5 000 AQSh dollari;

“Qadimiy hunarmandchilik turini tiklagan hunarmand” nominatsiyasi bo‘yicha - 5 000 AQSh dollari.

Xalqaro festival Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamda Farg‘ona viloyati hokimligi tomonidan har ikki yilda bir marta Qo‘qon shahrida o‘tkaziladi.

 

M. Sulaymonov, M.Qodirov (surat), O‘zA

Поделиться