O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekistonda sholichilik tadqiqotlari markazi hamda laboratoriyasi tashkil etiladi
2019-09-07 | Fan
Mamlakatimizda sholi yetishtirishda xorij davlatlarining eng ilg‘or texnologiyalarini joriy etish, sholining yangi navlarini yaratish va uni mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirish, mutaxassislarning malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Xitoy milliy sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti o‘rtasida “O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma sholichilik tadqiqotlari markazi”ni ochish bo‘yicha imzolangan memorandumda ham aynan shu kabi masalalar qamrab olingan.
Xususan, hamkorlik bo‘yicha 2020-yilda mamlakatimizdagi Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutida “O‘zbekiston - Xitoy qo‘shma sholichilik tadqiqotlari markazi”, Xitoy milliy sholichilik ilmiy-tadqiqot institutida esa ushbu markazning “O‘zbekiston - Xitoy sholichilik laboratoriyasi” tashkil etiladi.
“O‘zbekiston - Xitoy qo‘shma sholichilik tadqiqotlari markazi”da respublikamiz mintaqalarida sholichilikning ilg‘or texnologiyalarini joriy etish, qishloq xo‘jaligida foydalanishdan chiqib ketgan yerlarni qayta o‘zlashtirish uchun sholining kam suv talab qiladigan va sho‘rga chidamli navlarini yaratish ishlari olib boriladi. Shuningdek, har yili tashkil etilishi rejalashtirilgan o‘quv-treninglarda xitoylik olimlarning O‘zbekistonda mavsumiy sholichilik bo‘yicha fermer va dehqon xo‘jaliklari vakillariga sohada amalga oshirilishi kerak bo‘lgan tavsiyalar berib boriladi.
Bundan tashqari, hamkorlik asosida ikki davlat o‘rtasida sholichilik sohasida ilmiy xodimlarning o‘zaro manfaatli almashinuvi yo‘lga qo‘yilib, mazkur sohada faoliyat olib borayotgan olimlarning tajribasini oshirish va yosh mutaxassislarning Xitoy Qishloq xo‘jaligi Fanlar akademiyasining magistratura va doktoranturasida tahsil olish imkoni yaratiladi.