O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Majburiy tibbiy sug‘urta 2021 yildan bosqichma-bosqich joriy etiladi

2019-09-05 | Sog‘liqni saqlash

Dunyoning qator mamlakatlarida sog‘liqni saqlash tizimida tibbiy sug‘urta xizmatining joriy etilishi aholining tibbiy-ijtimoiy muhofazasini ta’minlash, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirishda muhim omil bo‘layotir.

Prezidentimizning 2018 yil 7 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni va ushbu farmon asosida qabul qilingan huquqiy hujjatlarda tibbiyotning turli tarmoqlari qatorida tibbiy sug‘urta tizimini joriy etish borasida ham muhim vazifalar belgilangan. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi ayni paytda ushbu yo‘nalishda belgilangan vazifalarni bosqichma-bosqich amalga oshirish maqsadida tegishli milliy va xalqaro tashkilotlar, ilm-fan muassasalari, malakali ekspertlar bilan hamkorlikda ish olib bormoqda. Ushbu hamkorlik natijasida «Majburiy tibbiy sug‘urta to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

- Dunyoning ko‘plab davlatlarida majburiy tibbiy sug‘urta tizimi joriy qilingan, - deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi majburiy tibbiy sug‘urtani joriy qilish bo‘limi boshlig‘i Afzalxo‘ja ABDUQODIROV. - Mamlakatimizda bu yo‘nalishdagi qonunchilik asoslarini ishlab chiqish jarayonida jahonda shakllangan modellar puxta va atroflicha o‘rganildi. Shu bilan birga, milliy xususiyatlarimiz ham har tomonlama tahlil etildi. O‘zbekistonda aholini ijtimoiy himoya qilish maqsadida bandlik darajalari, soliq stavkalari, oylik daromadlari o‘rganilib, majburiy tibbiy sug‘urtaning hozirgi kunda optimal va ijobiy baholanib kelinayotgan byudjet modeli tanlab olindi.

Bu modelni birlamchi darajada amalga oshirish uchun Vazirlar Mahkamasi huzurida Majburiy tibbiy sug‘urta jamg‘armasi tashkil etiladi. Jamg‘armaning daromad manbalari etib davlat byudjeti bilan bir qatorda inson sog‘lig‘iga zarar keltiruvchi (tamaki, alkogol, shakar va yog‘ miqdori ko‘p bo‘lgan) mahsulotlarga qo‘llaniladigan aksiz soliqlari hamda ekologiyaga zarar yetkazuvchi korxonalardan qo‘shimcha ajratmalar tashkil etadi.

Yurtimizda majburiy tibbiy sug‘urta tizimi 2021 yildan bosqichma-bosqich joriy etilishi loyihalashtirilgan. Bunda, birinchi bosqich 2021 yilda pilot sifatida Sirdaryo viloyatining barcha tumanlarida joriy etiladi. Mazkur viloyatda tibbiyot muassasalariga zamonaviy axborot texnologiyalarini tatbiq etish, davlat va xususiy tibbiyot muassasalari bilan shartnoma tizimi, kafolatlangan tibbiy xizmat hajmi hamda jon boshiga va har bir davolangan shaxs uchun to‘lov tizimini yaratish belgilab o‘tilgan.

Ikkinchi bosqichda 2023 - 2025 yillar davomida yana oltita viloyatlar qamrab olinadi. Uchinchi bosqichda 2025 yildan boshlab barcha hududlar to‘liq qamrab olinadi.

Поделиться