O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Joriy yilning o‘tgan davrida birgina davlat tibbiyot muassasalarida yigirma to‘rt ming nafardan ziyod xorijlik fuqarolar va sayyohlarga tibbiy xizmat ko‘rsatilgan
2019-09-04 | Sog‘liqni saqlash
Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan tub islohotlar jarayonida tibbiyot turizmini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayapti. Zero, bu borada yurtimizda imkoniyatlar juda katta. Ulug‘ mutafakkir Ibn Sinodan meros qolgan tibbiy-ilmiy an’analar, mamlakatimiz tibbiy-ilmiy markazlarida zamonaviy tibbiyot yo‘nalishida erishilayotgan muhim natijalar bugun xalqaro miqyosda munosib e’tirof etilayotgani bunga misoldir. Tibbiyotimizning ana shunday o‘ziga xos salohiyatini dunyoga namoyish etishda joriy yilning aprel oyida poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan sog‘liqni saqlash sohasida birinchi xalqaro investitsiyaviy forum muhim ahamiyat kasb etdi.
Ayni paytda, bu yo‘nalishdagi ishlar tizimli asosda davom ettirilayapti. Davlatimiz rahbarining farmon va qarorlari asosida bugungi kunda sog‘liqni saqlash sohasida investitsiyalarni jalb etishga alohida e’tibor qaratilib, umumiy qiymati 600 million AQSh dollaridan ziyod 17 istiqbolli sarmoyaviy loyiha ishlab chiqilmoqda. Loyiha tashabbuskorlari bilan birgalikda jami 23 million AQSh dollariga teng to‘rtta investitsiya loyihasini amalga oshirish boshlandi.
Jumladan, Turkiyaning “Cani Med Health” kompaniyasi sarmoyadorlari bilan birgalikda laboratoriya markazini, Hindistonning “Pratiksha Hospital Group” bilan hamkorlikda ko‘p tarmoqli markazni tashkil etish, «Khalifa Bin Zayed AI Nahyan Foundation» arab kompaniyasi ko‘magida “Ona va bola” klinikasini qurish va jihozlash, Germaniyaning KfW banki tomonidan esa mintaqaviy tibbiyot markazlarini zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlash kabi loyihalar izchil amalga oshirilmoqda. Xorijiy sarmoyadorlar ishtirokidagi bunday loyihalar nafaqat poytaxtda, balki mamlakatning barcha hududlarida amalga oshirilishi natijasida joylarda ellikka yaqin yirik xususiy tibbiyot muassasalari tashkil etilib, samarali faoliyat yuritmoqda.
Ixtisoslashgan, zamonaviy tibbiy xizmat bilan bir qatorda yurtimizda so‘lim tabiat qo‘ynida joylashgan, zamonaviy sharoitlarga ega sanatoriy va sihatgohlarimiz ham anchagina. Ushbu shifo maskanlarida diagnostika va davolash jarayonida zamonaviy tibbiyot yutuqlari bilan bir qatorda tabobatga oid an’analardan ham samarali foydalaniladi. Bundan tashqari, mamlakatimiz tibbiyot muassasalarida ko‘rsatilayotgan zamonaviy tibbiy xizmatlar uchun narxlar xorijdagi klnikalardan ancha arzon.
— Tabiiyki, bunday zamonaviy sharoitlar yurtimizga tashrif buyurayotgan xorijlik mehmonlar va sayyohlarning e’tiborini tortishi yurtimizda tibbiyot turizmining jadal rivojiga turtki bo‘lmoqda, —deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiy turizmni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Akobir Shukurov. — Masalan, 2017 yilda Sog‘liqni saqlash vazirligi tasarrufidagi davlat tibbiyot muassasalarida o‘n uch mingga yaqin xorijlik fuqarolar va sayyohlarga tibbiy xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan 8 oyi mobaynida bu raqam yigirma to‘rt ming nafardan ko‘proqni tashkil etdi. Qolaversa, yurtimizning turli hududlarida barpo etilgan zamonaviy xususiy shifo maskanlari xazmatidan foydalanayotgan xorijliklar soni ham oshib bormoqda. Bu raqamlar yurtimizda tibbiyot turizmini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning o‘ziga xos natijalaridan dalolatdir.
Sohada erishilayotgan bunday yutuqlar yaqin kelajakda mamlakatimizni tibbiyoti taraqqiy etgan mamlakatlar darajasiga olib chiqish, jamiyatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda yorqin istiqbollarni ochadi.