O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Innovatsion rivojlanish vaziri Xitoyning ilm-fan va texnika vaziri bilan uchrashdi
2019-08-29 | Siyosat
Oʻzbekiston Respublikasi hukumat delegatsiyasining Xitoy Xalq Respublikasiga rasmiy safari doirasida Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov 28-avgust kuni Xitoyning ilm-fan va texnika vaziri Van Chjigan bilan uchrashdi. Janob Chjigan Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining ikki davlat oʻrtasidagi ilm-fan va texnologiyalar sohasidagi aloqalarni oʻrnatish va mustahkamlashdagi hissasiga yuqori baho berdi, Oʻzbekiston bilan bu sohadagi aloqalarni oʻrnatish Xitoy tomoni uchun muhim ekanini taʼkidladi.
I. Abdurahmonov Innovatsion rivojlanish vazirligi Oʻzbekiston—Xitoy Hukumatlararo hamkorlik qoʻmitasining ilmiy-texnikaviy hamkorligi doirasida “Iqtidorli yosh olimlar” dasturi boʻyicha ishlar olib borilayotganini gapirarkan, mana shu dastur orqali munosabatlar yanada mustahkamlanishini qayd etdi.
– Ayni kunlarda Oʻzbekiston Respublikasining yosh olimlari XXRning yetakchi ilmiy muasassalarida stajirovka kurslarini oʻtash uchun joʻnatilishiga doir tanlov eʼlon qilingan boʻlib, tanlovga arizalar topshirish jarayoni davom etmoqda, — dedi Innovatsion rivojlanish vaziri. — Joriy yilning sentyabr oyida esa 20 ta maqsadli loyihalar tanlovi eʼlon qilinadi. Tanlov gʻoliblarining loyihalari 2020-yilning yanvar oyidan Oʻzbekiston va Xitoy tomondan moliyalashtiriladi.
Xitoyning ilm-fan va texnika vaziri Van Chjigan mazkur tanlovni oʻtkazish va moliyalashtirish reglamenti yaqin kunlarda oʻzbekistonlik hamkorlarga joʻnatilishini, va oʻzaro kelishilgan holda shaffoflik va ochiqlikka asoslangan tanlov qonun-qoidalari tasdiqlanishini aytdi.
— Oʻzbekistonlik yoshlarning Xitoyda taʼlim olishi kelajakda hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlarning sifatini koʻtarishga qaratilgan, — dedi xitoylik vazir. — Yoshlar jamiyatning eng muhim boʻgʻimidir, kelgusida foyda olish istagimiz bor ekan, avvalo, yoshlarga investitsiya qilishimiz kerak.
Tomonlar, shuningdek, Oʻzbekiston–Xitoy qoʻshma texnoparklarini yaratish va rivojlantirish borasida ham fikrlar almashdilar. Xususan Oʻzbekistondagi texnopark xodimlari va rezidentlaridan iborat mutaxassislar Xitoyda sohaga doir amaliyotdan oʻtishlari borasida kelishildi. Bundan tashqari, Xitoy bilan hamkorlikda dori vositalari substansiyalari (biologik faol moddasi)ni kimyoviy sintez qiladigan qoʻshma tibbiyot texnoparki tashkil etish masalasi koʻrib chiqildi.