O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Qoʻshma taʼlim dasturi doirasida imtihon oʻtkazildi

2019-08-28 | Ta’lim

Andijon davlat universiteti hamda Belarus Respublikasi Polosk davlat universiteti hamkorligidagi qoʻshma taʼlim dasturiga asosan tashkil etilgan “Texnologik taʼlim” yoʻnalishi boʻyicha 2019-2020 oʻquv yili uchun abiturientlar imtihon topshirdi.

Joriy yilning may oyida ikki tomonlama hamkorlik doirasida imzolangan shartnomaga koʻra, “Texnologik taʼlim” yoʻnalishi boʻyicha mutaxassislar tayyorlashga kelishilgan edi. Ushbu yoʻnalish boʻyicha oʻqishga kirish istagidagi abituriyentlardan imtihon olish uchun Polosk davlat universitetining oʻquv ishlari boʻyicha prorektori Yuriy Golubev rahbarligida bir guruh mutaxassislar Andijonga keldi.
 
Mehmonlar Andijon davlat universiteti faoliyati, talabalarga yaratilgan sharoit, oʻquv va laboratoriya xonalari, imtihon oʻtkaziladigan auditoriyalar, shuningdek, universitetda tashkil etilgan Qatagʻon qurbonlari xotira muzeyi bilan tanishdi.
 
Tashrifning ikkinchi kuni har ikki oliy oʻquv yurti mutaxassislari ishtirokida belgilangan tartibda abituriyentlardan test asosida imtihon olindi. Imtihonlarni adolatli va shaffof oʻtkazish maqsadida imtihon jarayoni onlayn tarzda keng jamoatchilikka namoyish etildi.
 
Imtihon yakunlangach, test javoblari bir soat davomida abituriyentlar guvohligida tekshirilib, natijasi eʼlon qilindi. Unga koʻra, 28 nafar abiturient talabalikka qabul qilindi.
 
– Bizlarga keng imkoniyat yaratib berilayotganidan xursandman, – deydi talabalikka qabul qilingan yoshlardan biri Mansurbek Zokirov. – Jumladan, qoʻshma dastur asosidagi taʼlim bizga ikki davlatda oʻqish, dunyoga chiqish imkonini beradi. Test tarzidagi imtihon adolatli va shaffof oʻtdi. Eng yuqori ball toʻplab, talabalikka qabul qilindim. Endi puxta bilim olib, yetuk mutaxassis, yurtga munosib farzand boʻlish uchun astoydil harakat qilaman.
 
Talabalikka qabul qilingan yoshlar qoʻshma taʼlim dasturi doirasida ikki yil Andijonda, ikki yil Polosk davlat universitetida tahsil oladi. Oʻqishni tamomlaganlaridan soʻng bitiruvchilarga ikki oliy taʼlim muassasasining diplomi beriladi.
 

F.UBAYDULLAYEV, OʻzA

Поделиться