O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Madaniy merosni asrash dunyo xalqlari birdamligiga bogʻliq

2019-08-27 | Madaniyat

Samarqand shahridagi Forumlar saroyida 26-avgust kuni “Moddiy va nomoddiy madaniy merosni asrash: dolzarb muammolar va ularni hal qilish strategiyasi” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan BMTning Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha tashkiloti (YUNESKO) shafeligida tashkil etilgan anjumanda xalqaro tashkilotlar va ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari, dunyoning 77 davlatidan arxitektor, olim va xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
 
Prezident Shavkat Mirziyoyevning konferensiya qatnashchilariga yoʻllagan tabrigini Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov oʻqib eshittirdi.
 
Davlatimiz rahbari tabrigida mazkur konferensiyani oʻtkazishni qoʻllab-quvvatlab, unda ishtirok etgani uchun YUNESKO Bosh direktori Odri Azule xonimga minnatdorlik bildirdi. Madaniy merosni saqlash butunjahon xalqlarining saʼy-harakatini birlashtirish orqali amalga oshirilishi taʼkidlandi. Shuningdek, Oʻzbekiston zaminida azaldan turli xalq, din, madaniyat vakillari yonma-yon yashab kelgani, Buyuk ipak yoʻlining mamlakatimiz hududidan oʻtgani madaniyatlararo muloqotning rivojlanishida muhim oʻrin tutgani alohida qayd etildi.
 
YUNESKO Bosh direktori Odri Azule xonim ham oʻz soʻzida konferensiyaning yuksak saviyada tashkil etilgani uchun Oʻzbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi. Anjumanning Samarqandda oʻtkazilishi tarixiy ahamiyat kasb etishini taʼkidlab, bu qadimiy shahar nafaqat Buyuk ipak yoʻli chorrahasidagi yirik savdo, balki madaniyat markazi boʻlganini eʼtirof etdi.
 
– Bir necha asrlik tarixga ega obidalar bu zaminning azaldan ilm-fan, madaniyat rivojlangan maskani, bu xalq ajdodlarining yuksak aql-zakovat egasi boʻlganidan dalolat beradi, – dedi Odre Azule. – Ushbu moddiy merosni asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga yetkazish esa barchamizdan yuksak masʼuliyat talab etadi. Chunki bu obidalar nafaqat ushbu mintaqa xalqlari, balki insoniyatning boyligi hisoblanadi. Shu maqsadda YUNESKO Oʻzbekiston bilan faol hamkorlikda ish olib borib, moddiy va nomoddiy merosni asrab-avaylash borasida oʻz tavsiyalarini bermoqda, amaliy koʻmak koʻrsatyapti. Oʻz navbatida, Oʻzbekiston ham zamonaviy shaharsozlikda maslahatlarimizga tayangan holda ish olib bormoqda.
 
Ushbu anjuman Oʻzbekistonda moddiy va nomoddiy madaniy merosni asrab-avaylash borasidagi ishlarni yanada takomillashtirish, bu boradagi milliy amaliyot va xalqaro tajribani oʻrganishda muhim ahamiyat kasb etadi.
 
Anjuman yalpi majlisida YUNESKOning shaharsozlik va konservatsiya boʻyicha ilmiy rahbari, “Betsalel” sanʼat akademiyasi professori Maykl Tyornerning mintaqa mamlakatlarida sobiq ittifoqdan keyingi davrda shahar merosi muammolari haqidagi maʼruzasi tinglandi.
 
– Bugungi anjuman Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi tashkilotiga aʼzo mamlakatlar xalqlari uchun ham muhim ahamiyatga ega, – deydi MDH Ijroiya qoʻmitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev. – Zero, tashkilotimiz aʼzolari oʻrtasida tarixiy-madaniy yodgorliklarni asrab-avaylash boʻyicha kelishuv mavjud. Samarqand oʻzining uzoq yillik oʻtmishi, bir necha asrlik tarixiy obidalarga boyligi bilan haqiqatdan ham yer yuzining sayqali, Sharq gavhari hisoblanadi. Men Samarqandda tugʻilib oʻsganman va yoshlik yillarimni eslasam, Registon maydoni, Amir Temur maqbarasi, Shohizinda yodgorligi koʻz oʻngimda gavdalanadi. Shu zaminda kamolga yetganimdan faxrlanaman. Har safar Samarqandga kelganimda bolaligim oʻtgan joylar, tarixiy obidalarni koʻrib, xursand boʻlaman. Bu boy tarix, madaniyat, shu bilan birga, turizm uchun ulkan iqtisodiy imkoniyat. Samarqand qadimdan madaniyat, sivilizatsiya markazi boʻlgan va doim shunday boʻlib qoladi. Keyingi yillarda Oʻzbekistonda Shavkat Mirziyoyev rahbarligida tarixiy-madaniy merosni asrab-avaylash borasida ulkan ishlar amalga oshirilayotganiga guvohmiz. Biz ushbu yoʻnalishdagi saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlaymiz.
 
Tadbir shoʻba majlislarida davom etdi. Unda madaniy meros va shaharsozlik, butunjahon merosini asrashning huquqiy-meʼyoriy asoslari, axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda taʼlimda madaniy merosni saqlashdagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.
 
Xalqaro tashkilot va xorijiy davlatlar vakillari, ekspertlar tomonidan jahon tarixiy meros markazlari yaxlitligi, memorial-diniy majmualar, ziyoratgohlar meʼmorchiligining oʻziga xos xususiyatlari, urbanizatsiya jarayonida tarixiy obidalarni asl holida saqlash, jahon merosi obyekti maqomining ijobiy va salbiy jihatlariga bagʻishlangan maʼruzalar tinglandi.
 
Bu boradagi xalqaro tajriba oʻrganilib, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.
 
– Keyingi paytda koʻplab tarixiy shaharlarda zamonaviy infratuzilma yaratish borasidagi ishlarni amalga oshirishda qadimiy bino va inshootlarga zarar yetkazish holatlari kuzatilmoqda, – deydi Yodgorliklar va diqqatga sazovor maskanlarni saqlash boʻyicha xalqaro kengash – ICOMOS eksperti Kristina Yamandi. – Tashkilotimiz jahon madaniy merosi roʻyxatiga kirgan obyektlarni saqlash, asrab-avaylash uchun davlatlarga oʻz tavsiyalarini berib boradi. Jumladan, Samarqand shahridagi moddiy meros obyektlarini asrash boʻyicha ham hamkorlikda ishlayapmiz.
 
Konferensiya yakunida shoʻba majlislarida bildirilgan fikr va tavsiyalar asosida taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqildi.
 
Anjuman doirasida qatnashchilar Samarqand shahridagi tarixiy-madaniy obyektlar bilan yaqindan tanishdi, “Sharq taronalari” XII xalqaro musiqa festivalining tantanali ochilish marosimida ishtirok etadi.
 

Gʻolib HASANOV, OʻzA

Поделиться