Sirdaryo viloyati Guliston shahrida 22-avgust kuni birinchi Xalqaro investitsiya forumi boʻlib oʻtdi.
Forumda mamlakatimiz tegishli vazirlik va idoralari, diplomatik korpus vakillari, shuningdek, 200 dan ortiq xorijiy kompaniyalar rahbarlari, viloyat, tuman, shahar hokimliklari mutasaddilari ishtirok etdi.
Tadbir qatnashchilari Guliston shahridagi “Yurt bayrogʻi maydoni”da tantanali kutib olindi. Birinchi Xalqaro investitsiya forumi rasmiy tadbirlari Sirdaryo viloyati musiqali drama teatrida tashkil etildi.
Sirdaryo viloyati hokimi Gʻ.Mirzayev, Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov, Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov va boshqalar viloyatning iqtisodiy, ijtimoiy, qishloq xoʻjaligi sohalaridagi imkoniyatlari, xorijiy investorlar uchun yaratilgan sharoitlar haqida ishtirokchilarga maʼlumot berdi.
Sirdaryo mamlakatimizning markaziy qismida joylashgan. Viloyat mamlakatimiz Sharqiy va Gʻarbiy hududlarini bir-biri bilan bogʻlab turuvchi muhim avtomobil va temir yoʻllarga ega.
Voha poytaxtga yaqin, Qozogʻiston va Tojikiston davlatlari bilan chegaradosh. Bu mintaqaning eksport-import va tranzit salohiyatini sezilarli oshirmoqda. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash boʻyicha toʻplangan tajriba, sanoat ishlab chiqarish imkoniyatlarining oʻsib borayotgani viloyatda investitsiya kiritish va agrar sohada qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun qulay sharoit yaratishi taʼkidlandi.
Bugungi kunda viloyatda xorijiy hamkorlar ishtirokidagi 140 ga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda. Soʻnggi yillarda viloyatda oʻz biznesini yoʻlga qoʻyish istagida boʻlgan xorijiy va mahalliy tadbirkorlar soni ortib bormoqda. Jumladan, hududga Xitoy, Rossiya, Italiya, Janubiy Koreya, Belarus, Qozogʻiston, Afgʻoniston, Birlashgan Arab Amirliklari, Hindiston, Eron va boshqa davlatlar kompaniyalari vakillari delegatsiyasi tashrif buyurib, turli sohalarda hamkorlik oʻrnatish istagini bildirmoqda.
Shuningdek, joriy yilda viloyat delegatsiyasi Xitoy, Italiya, Hindiston va Belarus davlatlarida boʻlib, 100 million dollarga yaqin investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishdi.
Hududda qishloq xoʻjaligida innovatsion yondashuvlar – paxtachilik klasteri ishga tushirilib, gidroponika usulida issiqxonalar qurish, intensiv bogʻlar yaratish, logistika markazlari tashkil etish ishlari jadal amalga oshirilmoqda. Chorvachilik, baliq mahsulotlari yetishtirish, parrandachilik yoʻnalishidagi klasterlar faoliyati yoʻlga qoʻyilmoqda. Shuningdek, yengil sanoat, ipakchilik, oziq-ovqat, farmatsevtika, kimyo sanoati, muqobil energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantirishdagi istiqbolli rejalarni amalga oshirish koʻzda tutilgan.
Forum seksiya majlislarida davom etdi.
– Soʻnggi yillarda viloyatda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish uchun koʻplab imtiyoz va qulayliklar taqdim etilmoqda, – dedi viloyat hokimi Gʻ.Mirzayev. – “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasi ish boshladi. Ushbu hududga kiritiladigan investitsiyalar hajmidan kelib chiqqan holda 3 yildan 10 yilgacha boʻlgan muddatlarda soliq va bojxona imtiyozlari taqdim etiladi. Xovos tumani hududida ham kichik sanoat zonasi tashkil qilingan. U yerdagi boʻsh bino va inshootlar tadbirkorlarga keyinchalik xususiylashtirish sharti bilan 5 yil muddatga ijaraga beriladi. Forum doirasida xorijiy investorlarga shu kabi imkoniyat va imtiyozlar haqida maʼlumotlar berildi.
Xalqaro investitsiya forumida bir qator xorijiy sarmoyadorlar bilan viloyat tadbirkorlari oʻrtasida hamkorlik yuzasidan shartnomalar imzolandi.
Tadbirda qurilish materiallari ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligi, savdo, sanoat sohasida sheriklikka doir 30 ga yaqin kelishuvga erishildi.
Shu kuni mehmonlar Guliston shahrida boʻlib oʻtayotgan “Gullar festivali”, “Qushlar koʻrgazmasi” va Amfiteatr maydonida tashkil etilgan “Qovun sayli”da ham ishtirok etdi.