O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston delegatsiyasi Yashil iqlim fondini dasturlashtirish bo‘yicha global konferensiyada ishtirok etdi

2019-08-22 | Ekologiya

2019-yilning 19-avgust kunidan beri O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne’matov boshchiligidagi delegatsiya Songdo shahrida (Koreya Respublikasi) Yashil iqlim fondini dasturlashtirish bo‘yicha global konferensiyada ishtirok etmoqda.

Konferensiyadan oldin Tashqi ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne’matovning BMT sobiq bosh kotibi, Yashil taraqqiyot global instituti (GGGI) raisi Pan Gi Mun bilan qisqa uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari Pan Gi Munga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning iliq salomlarini va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Pan Gi Mun, o‘z navbatida, O‘zbekiston rahbarining Orol muammosiga va dunyodagi iqlim o‘zgarishiga qaratayotgan e’tiborini hamda ekologik fojia hududida uning oqibatlarini bartaraf etish va o‘simlik olamini qayta jonlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng miqyosdagi chora-tadbirlarni yuqori baholadi. U Mongoliyaga tashrifi sababli alohida uchrashuv o‘tkaza olmayotganligi uchun uzr so‘radi va o‘zining o‘rinbosari, Elchi Kim Hyo In va Yashil iqlim fondi ijrochi direktori o‘rinbosari Havyer Mansanaresga Orol muammosi bo‘yicha O‘zbekistonning loyihalarini batafsil muhokama qilishni buyurganini aytdi.

140 dan ortiq davlatlarning delegatsiyalari ishtirok etayotgan nufuzli konferensiyada 21-avgust kuni O‘zbekiston delegatsiyasi vakili nutq so‘zladi. U iqlim o‘zgarishi oqibatlari bilan kurashish va moslashish masalalari O‘zbekiston Hukumati kun tartibining ajralmas qismini tashkil etishini alohida ta’kidladi.

Konferensiya qatnashchilari e’tibori mamlakatimiz tomonidan BMTning iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi Hadli konvensiyasi 1993-yilda imzolanganligiga va o‘tgan yil dekabr oyida Iqlim bo‘yicha Parij bitimini ratifikatsiya qilinganiga qaratildi. O‘zbekistonda Parij bitimi bo‘yicha majburiyatlarni bajarish maqsadida respublikaning “yashil iqtisodiyotga” o‘tish Strategiyasi ishlab chiqilgan. Strategiya sanoatni bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish, iqtisodiyotning asosiy sektorlarida energiya samaradorligini va energiya tejamkorligini oshirishga yo‘naltirilgan. Energiyaning qayta tiklanuvchi manbalarini rivojlantirish mamlakatning, ayniqsa uning energetika sektorining “yashil iqtisodiyotga” o‘tish jarayonida muhim rol o‘ynaydi.

“2025-yilgacha energetik quvvatlarni ishlab chiqish tizimida qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 20% yetkazish mo‘ljallanmoqda ”, – deya ta’kidlandi.

Shuningdek, Orol dengizining qurishi muammosiga ham to‘xtalib o‘tildi. Ta’kidlandiki, “bir avlod ko‘z o‘ngida butun boshli dengizning yo‘q bo‘lishi tamaddunlar tarixida kuzatilmagan holatdir. Bugun mazkur halokat mintaqa chegarasidan oshib o‘tib, global muammoga aylandi, xalqaro tashkilotlar, siyosatchilar, olimlar va butun dunyo ekspertlarining jiddiy e’tiborini talab qiladi”.

Ekologik halokat oqibatlarini yumshatish borasidagi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar delegatlarda qiziqish uyg‘otdi. Xususan, 2018-yilda boshlangan Orol inqirozi oqibatlari bilan kurashish bo‘yicha yangi Davlat dasturi doirasida o‘tgan yil dekabr oyidan hozirga qadar O‘zbekistonda Orol dengizi qurib qolgan tubidagi 500 ming gektar sahroni daraxtzorga aylantirish borasida ulkan ishlar bajarildi.

Shu bilan birga o‘tgan yil oktabrda shoʻrlanish sharoitida Respublika Prezidenti huzuridagi Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi, 2018-yil noyabr oyida esa BMT shafeligida Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik trast fondi hamda cho‘l va ozuqa ekinlari ko‘chatlarini yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi Orol dengizi havzasida innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etildi.

Mazkur yangi tuzilmalar Orolbo‘yi mintaqasida iqlim o‘zgarishi sharoitida cho‘llashish va ekologik migratsiya jarayonining davom etishini oldini olishga mo‘ljallangan ekologik toza texnologiyalarni, “yashil” iqtisodiyot tamoyillarini, energiya va suvni tejovchi texnologiyalarni joriy qilish maqsadida tashkil etildi.

O‘zbekiston tomoni shu munosabat bilan xalqaro sheriklarni Orolbo‘yi mintaqasida qo‘shma innovatsion loyilarni amalga oshirish uchun yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan fondlar bilan yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga chaqirdi. O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va Orol fojiasi oqibatlarini hal qilish borasidagi intilishlarni amalga oshirish uchun samarali xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishning zarurligini to‘liq anglashadi.

Поделиться