O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Innovasion rivojlanish vaziri Qoraqalpog‘iston dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti faoliyati bilan tanishdi
2019-08-22 | Ta’lim
Innovasion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov joriy yilning 21 avgust kuni Qoraqalpog‘iston dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutida bo‘lib, muassasaning faoliyati, u yerda amalga oshirilayotgan ilmiy ishlar hamda shart-sharoitlar bilan tanishdi.
Vazir Qoraqalpog‘iston dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutining ilmiy salohiyatini kuchaytirish masalasi muassasa oldidagi turgan eng muhim masala ekanini ta'kidlab, buning uchun institut kadrlari bugungi kun talablariga javob berishi kerakligini aytdi. Bundan tashqari ilmiy-tadqiqot institutining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash lozimligi qayd etildi.
Bu vazifalarni amalga oshirish uchun Dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy xodimlarini xorijiy stajirovkalar o‘tashlari, institut olimlarining ilmiy-texnik loyihalarda ishtirok etishlarini ta'minlash hamda binolarni ta'mirlab, zamonaviy ilmiy laboratoriya uskunalari bilan jihozlash lozim. I. Abdurahmonov yosh olim va mutaxassislarni Dubay shahrida joylashgan Sho‘rlanish sharoitidagi biodehqonchilik xalqaro markazi (ICBA)ga hamda Belarusning yetakchi ilmiy-tadqiqot markazlariga stajirovka o‘tash uchun jo‘natish, maqsadli amaliy va innovasion loyihalarni hamda laboratoriya uskunalari bilan ta'minlashda Innovasion rivojlanish vazirligi yaqindan ko‘mak berishini ta'kidladi. O‘z navbatida institut binosini ta'mirlash ishlarini ham tezlashtirish bo‘yicha choralar ko‘rish kerakligi haqida ham so‘z yuritildi.
Qoraqalpog‘iston dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti yurtimizning anchayin ko‘hna ilmiy muassasalaridan biri bo‘lib, 1928 yilda ilmiy tajriba stansiyasi negizida ochilib, 1958 yili O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jalik fanlar akademiyasining qarori asosida tashkil etilgan. So‘ng, Qoraqalpog‘iston dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 10 fevraldagi PQ-2125 sonli “O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan qayta tashkil etilgan. G‘o‘za, beda, g‘alla, moyli, yem-xashak ekinlari genetikasi va seleksiyasi, urug‘chiligi, urug‘shunosligi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi tuproq iqlim sharoitiga va ekologik muhitiga moslashgan barcha qishloq xo‘jalik ekinlarni yetishtirish, zararkunanda, kasallik va begona o‘tlaridan himoya qilish, resurstejamkor agrotexnologiyalarining ilmiy-amaliy asoslarini takomillashtirish yuzasidan ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda yangi navlarini yaratish, shu asosda ilmiy-texnik mahsulotlar ishlab chiqish institutning asosiy vazifasi hisoblanadi.
Qoraqalpog‘iston dehqonchilik ilmiy tadqiqot instituti 1958 yildan buyon qishloq xo‘jalik ekinlarining navlarini yaratish, agrotexnologik yangiliklarini joriy etish, almashlab ekish tadbirlarini joriy etish, melioratsiya sohasi va o‘simliklar zararkunandalariga qarshi kurash bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda. Tadqiqotlar natijasida qishloq xo‘jalik ekinlarining agrotexnikasi, o‘simlikni zararkunandalardan himoya etish, sug‘orish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, tuproq hosildorligini oshirish tizimlari yaratilmoqda.