Ichki valyuta bozoridagi joriy holat va almashuv kursi dinamikasi to‘g‘risida Markaziy bank axboroti
Markaziy bankning joriy yil 9 avgustdagi xabarida ichki valyuta bozorida yuz berayotgan o‘zgarishlarning sabablari bayon qilingan edi.
So‘nggi kunlarda ichki banklararo valyuta bozori savdolarida almashuv kursi o‘zgaruvchanligining ortishi kuzatilmoqda. Xususan, 2019 yil 20 avgustdagi birja savdolarida so‘mning AQSh dollariga nisbatan almashuv kursi 9384 so‘mni tashkil qildi.
Valyuta kursi holatidagi ushbu o‘zgarishlar valyuta bozorida mavjud talab va taklifning o‘zaro nisbatini inobatga olgan holda kursning keskin tebranishlari oldini olish maqsadida o‘rnatilgan joriy almashuv kursi tebranish koridorining bekor qilinishiga sabab bo‘ldi.
Avval xabar qilinganidek, so‘nggi oylarda ayirboshlash kursi dinamikasi quyidagi omillar ta’sirida shakllandi.
Birinchidan, jahon iqtisodiyotidagi xatarlarning ortishi va tashqi savdo munosabatlarida o‘zaro kelishmovchiliklarning keskinlashuvi AQSh, Xitoy, Yevrohudud va boshqa mamlakatlarda iqtisodiy o‘sish sur’atlarining pasayishiga olib keldi.
Bunda, ko‘plab mamlakatlar, jumladan, O‘zbekistonning asosiy savdo sheriklari bo‘lgan davlatlar moliya bozorlarida mazkur o‘zgarishlar milliy valyuta kursi o‘zgaruvchanligi va qadrsizlanishining kuchayishiga sabab bo‘lmoqda. Ushbu mamlakatlardagi milliy valyutalarning qadrsizlanish darajasi inflyatsiya darajasidan yuqoriroq bo‘lib, bu o‘z navbatida, so‘m qadrining real ma’noda oshishiga olib kelmoqda.
Ikkinchidan, yuqoridagi omillar iqtisodiyotdagi investitsion va kreditlash faolligining oshishi bilan bir qatorda eksport “narxining ko‘tarilishi” va import jozibadorligining oshishi ko‘rinishida mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tashqi va ichki bozorlarda narx raqobatbardoshligining pasayishiga sabab bo‘lmoqda.
Natijada, so‘nggi yillarda ichki valyuta bozorida talabning barqaror o‘sishi kuzatilmoqda.
Jahon iqtisodiyotining joriy rivojlanish tendensiyasi sharoitida Markaziy bank valyuta kursi shakllanishiga tashqi omillar ta’sirining kuchayish ehtimoli mavjudligini inobatga oladi.
Shu bilan birga, Markaziy bank ichki valyuta bozoridagi vaziyatni diqqat bilan kuzatishda davom etadi hamda tashqi omillar ta’sirini kamaytirish va asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar muvozanatini ta’minlash maqsadida bozor mexanizmlaridan foydalanadi.
Xususan, Moliya vazirligi bilan birgalikda ekspansion kreditlash va fiskal siyosatini cheklash orqali inflyatsiya va valyuta kursiga qo‘shimcha bosimni pasaytirish bo‘yicha choralar ko‘rib boriladi.
Valyuta bozorini yanada erkinlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish doirasida joriy yilning 20 avgustidan boshlab tijorat banklari tomonidan naqd xorijiy valyutani sotish yo‘lga qo‘yiladi.